Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahar sobiq profilaktika inspektori shahar 2-sonli IIBdagi holatlar yuzasidan ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB va bosh prokuratura izoh berdi.

Nima sodir bo‘ldi?

12 noyabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Namangan shahar IIO FMB 2-sonli profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyev IIBdagi holatlar yuzasidan ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga videomurojaat yo‘lladi.

Murojaatda aytilishicha, «Namangan shahar IIO FMB 2-sonli IIB rahbari mayor Aziz Sattorov qo‘l ostidagi profilaktika inspektorlariga har kuni 5 tadan ma’muriy bayonnoma tuzish, bir yilda 2 ta ma’muriy nazorat o‘rnatish kabi talablarni reja qilib belgilab bergan». «HPB (Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi — tahr.) boshlig‘i podpolkovnik Inomov Boburga 50 AQSh dollari berilsa, reja bajarilgan deb belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, kadrlar bo‘limi boshlig‘i mayor Abdulaziz Umurzaqov doimiy ravishda noqonuniy tarzda xufyona xizmat tekshiruvlarini o‘tkazib keladi», — deyiladi murojaatda.

Bundan tashqari, profilaktika inspektori «tartib bo‘yicha bir xodim rahbarlik lavozimida 5 yildan ortiq ishlashi mumkin bo‘lmasa-da, mayor Umurzaqov qo‘l ostida ba’zi shaxslar 10 yildan beri ishlab kelayotganini» aytib o‘tdi.

Inspektor, shuningdek, «shahar IIB boshlig‘i mahalliychilikka yo‘l qo‘yib, asosiy rahbarlik lavozimlariga o‘zining hamqishloqlari va yaqin tanishlarini tayinlab qo‘yganini», ma’lum qildi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, profilaktika inspektorlariga bir oy davomida 15 tadan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzish majburiy reja qilib qo‘yilgan.

«Bu degani men 15 kishini 5 sutkadan 15 sutkagacha hujjat tayyorlab, sud orqali qamashim kerak», — deydi u.

«Bundan, oddiy aholiga shuncha jarima solaverishdan profilaktika inspektorlarining vijdonlari qiynaladi. Lekin yuqoridan kelgan buyruq sababli majbur qilishadi», — dedi Sardorbek Otaboyev.

U o‘z murojaatida keltirilgan vaziyatlar uchun fakt va dalillari borligini, shu vaziyat sababli ishdan bo‘shatishadigan bo‘lsa qo‘rqmasligini, murojatining huquqiy oqibatlariga tayyorligini ta’kidlab o‘tgan.

Namangan viloyat IIB izohi

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati IIB axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, sentabr oyida fuqaro M.Yu. ning katta leytenant S.O. ning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan arizasiga asosan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida katta leytenant S.O. yil avvalida 4 nafar fuqaroga kredit olib berishni va’da qilib, ishonchiga kirganligi aniqlangan. S.O. ularning shaxsiga oid hujjatlarini nusxalarini olib, soxta ma’lumotlar kiritib, ushbu fuqarolarning nomlariga «Xalq banki» orqali 81 mln 400 ming so‘m kredit olgan. Shundan so‘ng u ko‘p miqdordagi mulklarini qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, 2021 yilda katta leytenant S.O. ning egallab turgan lavozimidan ozod etilishi haqida xulosa qilingan.

Namangan viloyati IIBning xizmat tekshiruvi xulosasi va to‘plangan hujjatlar aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv yakuniga ko‘ra, yuqoridagi holat yuzasidan 21 oktabr kuni Jinoyat kodeksining 168-modda 3-qismi «b, v» bandlari (Firibgarlik bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Hozirda katta leytenant S. O. javobgarlikdan qutilish maqsadida, o‘zining rahbarlaridan noroziligi mazmunida videomurojaat qilgan bo‘lib, videomurojaatda ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki surishtiruv ishlari davomida, ushbu holatlar o‘zining tasdig‘ini topmagan», — deyiladi xabarda.

Videomurojaatda ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan hozirda qo‘shimcha tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, katta leytenant S. O. ning yetarli asoslari bo‘lmagan holda o‘zining rahbariga tuhmat qilib, shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganligi holatiga huquqiy baho berish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgani aytildi.

Bosh prokuratura izohi

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

Unga ko‘ra, Namangan shahar IIB sobiq profilaktika inspektori S.O. boshqa fukarolarning nomiga olingan jami 81,4 mln so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi turli bahonalar bilan tergovga kelishdan bosh tortib, yashiringanligi sababli, unga nisbatan sirtdan ayb e’lon qilingan. 13 noyabr kuni sudning ajrimi bilan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 14 noyabr kuni gumonlanuvchi ushlanib, himoya huquqlari ta’minlangan holda tergovga jalb qilingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonov Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari ustidan shikoyat qilib, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga videomurojaat yo‘llagan edi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari profilaktika inspektorlaridan har kuni 55 ming so‘mlik «o‘rta fond» undirayotgani, kunlik majburiy reja joriy qilgani va xodimlarni haqoratlab, shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatayotgani aytilayotgandi.