Buxoro viloyati Kogon shahrida tuproq o‘pirilishi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Hodisa 16 noyabr kuni soat 14:50da Kogon shahar «Do‘stlik» MFY Do‘stlik ko‘chasida «61-Avtokorxona» MCHJ tomonidan oqava suv quvurlarini yotqizish ishlari olib borayotganda sodir bo‘ldi. 5−6 metr chuqurlikda, eni 3 metr oralig‘da kavlangan chuqurlikda 1000 mm. li suv quvurlari yotqizilayotgan vaqtda chuqurning chap tomoni o‘pirilib tushgan.

Natijada ikki nafar ishchini tuproq va qum bosib qolgan.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari tomonidan voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida ikki nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqildi.

Voqea joyiga FVB, IIB, SSB va Prokuratura rahbariyati va tezkor-tergov guruhi chiqqan.

Mazkur hodisa yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.