Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farruh Qoraboyev O‘zbekistonda benzin narxining oshishiga sabab bo‘lgan omillarni sanab o‘tdi. Shuningdek, u bozordagi narxlarni barqarorlashtirish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani haqida ma’lum qildi.

Benzin narxi oshishining sabablari

«Mamlaktimizda benzinga bo‘lgan talab oxirgi ikki yil ichida 1,1 mln tonnadan, 1,3 mln tonnagacha oshgan. Albatta, bu ham narx oshishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Masalan, 2021 yilning yanvar-aprel oylaridan o‘rtacha (birjada) 54 ming tonna benzin sotilgan bo‘lsa, may-oktabr oylarida bu ko‘rsatkich 84 mingga chiqdi», — dedi Farruh Qoraboyev.

Uning ta’kidlashicha, talabning oshib borishi narxlarga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, jahon kon’ekturasida Brent usulidagi neft narxi 53 foizga, O‘zbekistonda esa ko‘proqqa oshgan. Mamlakatda benzin ishlab chiqarishda qisman import homashyosi ishlatiladi. Shu jumladan Ai-80 benzinini ishlab chiqarishda ham. Lekin import xomashyosi asosan yuqori oktanli benzinni ishlab chiqarishda foydalaniladi.

«Bir qancha (misollarni) keltirib o‘tmoqchiman, tayyor mahsulot sifatida benzin importi oxirgi 2 yilda sezilarli darajada oshgan. Masalan, 2020 yilda 188 ming tonna benzin import qilingan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyining o‘zida 221 ming tonna import qilingan. Bunda importning asosiy qismi, ya’ni 154 ming tonnasi yuqori oktanli Ai-92 markali benzinga to‘g‘ri keladi», — dedi u.

Aytilishicha, yil boshidan xomashyo narxining o‘sish tendetsiyasidan kelib chiqilsa, yilning boshiga nisbatan tayyor mahsulotni import qilish qisqargan. Masalan, Ai-80 benzini importi 7 baravarga qisqargan.

«Shu bilan birga, Ai-92 markali benzinning import narxlari yil boshiga nisbatan bir yarim baravarga oshgani sababli import hajmi deyarli 7 baravarga qisqargan. Ichki bozor to‘yinmaganligi sabababini ham biz omil sifatida e’tirof etishimiz kerak. Ikkinchi yaqqol omil ayrim ishlab chiqaruvchilarning ichki bozordagi monopol mavqei saqlanib qolyapti hamda birja benzinini xarid qilishda maydaroq yoki o‘rta maydaroq xaridorlarning imkoniyatlari biroz cheklangan», — deya ta’kidladi Farruh Qoraboyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar-noyabr oylarida 869 ming tonna benzin savdoga chiqarilgan va shundan 85 foizi Ai-80 markali benzinga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi Ai-91 benzini hisoblanadi. Shundan 76 foiz benzin Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, 10 foizi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, qolgan 14 foizi esa turli mayda ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi . Shu bilan birga, oktabrda kunlik quyish 4,5 ming tonnadan sotilgan bo‘lsa, noyabr oyida bu ko‘rsatkich 2400 tonnagacha tushib ketgan, ya’ni taklif qisqargan. Ichki bozorda benzin taklifining qisqarishi esa narx bosimini vujudga keltirgan.

Birjada, umuman, neftni qayta ishlovchi zavodlar tomonidan benzinni birjaga neft bazalarida sotib olinishi uchun temir yo‘l vagonlari normasida, ya’ni yirik portlarda 60 tonnadan kam bo‘lmagan lotlarda qo‘yilishi, ayrim kichik yoqilg‘i quyish shoxobchalari, kichik biznes subyektlari imkoniyatlarini cheklagan.

Farruh Qoraboyev yirik ulgurji sotib oladigan neft bazalarining moliyaviy imkoniyatlari va uni birinchi navbatda saqlash infrastrukturasi mavjudligi ularga birja savdolariga ustunlik yaratayotganini ham ta’kidladi. Bunda benzinni yirik xajmlarda saqlab tura olishi, ya’ni sotib olgandan keyin saqlab tura olish infrastrukturasi asosan «O‘zbekneftgaz» tasarrufidagi bazalarda mujassamlangani ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Narxni barqarorlashtirish uchun choralar

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tezkor choralar ko‘rish maqsadidida Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Hisob palatasi va Moliya vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi, dedi Farruh Qoraboyev.

Uning aytishicha, bugungi kunda ushbu ishchi guruh «O‘zbekneftgaz», Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi kabilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobil benzini ishlab chiqarish, saqlash va yetkazib berish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarning asosli ekanini o‘rganib chiqmoqda hamda mana shu xarajatlarni optimallashtirish va pasaytirish bo‘yicha ish olib boryapti.

Bundan tashqari, Farruh Qoraboyevning aytishicha,ushbu ishchi guruh Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda benzin importi geografiyasini diversifikatsiya qilish (kengaytirish), ya’ni boshqa bozorlardan olib kelish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapti. Bu ichki bozorni to‘yintirish maqsadida qilinmoqda. Chunki Qozog‘iston oldingi yillarda O‘zbekistonning asosiy import bozori hisoblangan. Qozog‘iston esa 6 oydan beri eksportni taqiqlab qo‘ygan. Bu yo‘nalish imkoniyatlari hozircha cheklangan. Yanada kattaroq bozor, bu — Rossiya federatsiyasi hisoblanadi. Umumiy jahon bozoridagi tendensiyadan kelib chiqib, ayrim rossiyalik treyderlar paytdan foydalanib narxlarni oshirishga yoki ta’sir ko‘rsatishga urinmoqda. Shuning uchun, albatta, import geografiyasini ham kengaytirish lozim.

Qo‘mita tomonidan «O‘zbekneftegaz» AJ, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va boshqa ishlab chiqaruvchilarga quyidagi ko‘rsatmalar berilgan:

  • Ai-80 benzinini kunlik ishlab chiqarish hajmi va birjaga qo‘yish hajmini 3 ming tonnadan kam bo‘lmagan hajmda ta’minlash. Aynan shu Ai-80 benzinini savdoga chiqarish tartibi ham o‘zgardi;
  • umumiy birjaga chiqarilgan benzinning 20 foizini birjaga 1 tonnalik (hozirda 60 tonna) mayda lotlarda chiqarish choralarini ko‘rish. Bu bevosita benzinni quyib beruvchi shoxobchalarga imkoniyat yaratish maqsadadida qilinadi. Umumiy benzinning shu 20 foizi savdoning bir sessiyasida qo‘yilishi belgilanadi;
  • birja savdolarida mayda lotlarni sotib olgan xaridorlarga eng yaqin neft bazalari orqali yetkazib berish;
  • birja savdolarida bir xaridor tomonidan xarid qilinadigan maksimal benzin hajmini belgilash. Yirik vagon lotlarda, ya’ni 60 tonnalik vagonlarning bir xaridori uchun 120 tonna belgilandi. Kichik lotlar uchun esa bir sessiyada davomida bir xaridor uchun maksimal 10 tonna etib belgilandi.

Farruh Qoraboyev ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar 10 kun ichida ichki bozorda narxlarning barqarorlashishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishiga umid bildirdi.