Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan birinchi marotaba O‘zbekiston Milliy atlasi yaratildi. Bu haqda Kadastr agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Milliy atlas 416 ta xaritalarni o‘zida jamlagan 2 jilddan iborat bo‘lib, O‘zbekistonning barcha sohalarini kartografik va matnli ko‘rinishda tavsiflovchi fundamental ilmiy-ma’lumotnoma asari hisoblanadi.

Atlasda O‘zbekistonning «Tabiiy-geografik o‘rni va umumiy xususiyatlari», «Tabiiy sharoiti va tabiiy resurslari», «Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi», «Aholisi», «Ijtimoiy» va «Iqtisodiyot sohalari» hamda «Tarixi» aks ettirilgan.

Milliy atlas Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi va «Kartografiya» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining 100 dan ortiq mutaxassislari, Fanlar akademiyasi olimlari, vazirlik va idoralarning vakillari hamda oliy ta’lim va boshqa ilmiy maqomga ega bo‘lgan tashkilotlardan jalb etilgan ekspertlar hamkorligida yaratildi, deyiladi xabarda.