Bugun kunduz kuni respublika hududi bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunning o‘rtasiga kelib, havo +10…+13 daraja iliqgacha isiydi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

16 noyabrda O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 17−18 noyabrda respublikaning barcha hududiga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa hududi (Moskva viloyati) ustida shakllangan nam va sovuq havo massasi kirib keladi.

16−17 noyabrda respublika bo‘yicha shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin, ba’zi joylarda changli bo‘ron bo‘ladi.

16 noyabrda O‘zbekiston hududining katta qismida havo harorati +13…+18 daraja iliq bo‘lgan quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi va harorat +2…+5 daraja iliqgacha pasayadi.

17 noyabrda O‘zbekistonning barcha hududlarida yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, qorga aylanadi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Harorat kechasi va kunduzi 0…+5 daraja iliqgacha, shimolda kechasi −5…−8 daraja sovuqgacha, kunduz kuni 0…-3 daraja sovuqgacha pasayadi.

18−19 noyabrda O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning tog‘li hududlarida 18 noyabrda qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik saqlanib turadi. Harorat kechalari −5…−8 daraja sovuqgacha, shimolda −12…−15 daraja sovuqgacha pasayadi, kunduz kunlari 0…+5 daraja iliq, shimolda 0…-3 daraja sovuq atrofida saqlanib turadi.