Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov OTMlar rahbariyati, professor va o‘qituvchilar bilan shanba kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joriy etilgan «tyutor» lavozimi bilan bog‘liq muammolarga to‘xtaldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari tavsiyasi asosida guruh murabbiyi instituti o‘rniga «tyutor» lavozimi qabul qilinganini qayd etdi.

««Tyutor"likni joriy qilishdan maqsad nima? Professor o‘qituvchilarni o‘ziga asosiy ishiga xos bo‘lmagan ishlardan ozod qilish, u sifatli dars o‘tsin», — dedi vazir.

Ta’kidlanishicha, hanuz barcha ta’lim muassasalarida ham mazkur lavozim tashkil etilmagan. Bunga esa moliyaviy yetishmovchilik va boshqalar bohona sifatida ko‘rsatilmoqda.

«Endi reviziya tashkil ettiraman. Audit boshladi tekshirishni… O‘qituvchilarga yuklash holatlari bor. Hurmatli rektorlar, hurmatli rahbarlar bir-birimizni hurmat qilaylik, bu shunchaki kiritilmadi. Buni kiritishni o‘zi bo‘lmadi», — dedi u.

OTM vazirining aytishicha, ushbu lavozimga talabgorlar yetarlicha.

«"Tyutor»ning ish haqi 4−4,3 mln so‘m. Konkurs bo‘lib yotibdi, ishga kelishga. Xalq ta’limida o‘qituvchi lavozimidan qariyb 2 baravar ortiq. Qanaqa parametrlar bo‘yicha ishga olishni ham aytdik… Vaqt juda qisqa. Buni to‘ldirib, fan o‘qituvchisining o‘ziga sharoit qilib berish kerak, u fan bilan shug‘ullanishi lozim. Bu alohida nazoratga olinadi», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Qolaversa, o‘qituvchining yuklamasi 1000 soatни tashkil qilayotgani, bu (1 stavkada dars yuklamasi o‘rtacha 800 soat) keragidan ortiqroq ekani ham qayd etildi.
Vazir o‘qituvchilarning mas’uliyatsizligini ham tanqid qildi.

«O‘qituvchilarimizning ham „bir qismi sog‘ bo‘lsin“. Vijdonan dars o‘tmayapti hozir. Bemalol yarim soatgacha auditoriyaga kechikib kelish, tayyor bo‘lmay kelish va hakozo… Eng ko‘p blogerlar va OAV xodimlari, ota-onalar oliy ta’limdan norozi postlar qo‘yishadi. Men ularni to‘g‘ri qabul qilaman», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, talabalar soni 800 mingga yaqinlashgan va ularning har biridan e’tiroz kelib tushmoqda.

«Qaysi xonadon borki, bunda oliy ta’lim muassasasi dargohini ko‘rmagan odam yo‘q. Ota-ona yo farzand, yo kelin kimdir oliy ta’lim bilan bog‘langan. Ular hamma narsani eshitayapti, ko‘rayapti. Bitta yo‘li o‘zimizni rostlab olamiz — muvaffaqiyatga erishamiz», dedi Abduqodir Toshqulov.

U shuningdek, ta’lim tizimidagi barchadan o‘ziga shaxsan murojaat qilib, tizimdagi muammolarni aytishini so‘radi.

«Meni „lichkamga“ yozing qani, vazirlik bilan bog‘liq nima byurokratiya qoldi? Markazlashgan nima korrupsion sxema qoldi? Faqat shaffoflik, adolat, bu tizimga dog‘ tushmaslik kerak, degan g‘oyada ishlayapmiz. Lekin pastdan juda ko‘p signallar kelib turadi. Bekorga nazorat bo‘limlari ochilmadi», — dedi vazir.

Avvalroq, vazir ushbu yig‘ilishda tizim to‘liq raqamlashtirilishi, endi qog‘oz jurnal, reyting daftarcha bo‘lmasiligi, talaba guvohnomasi ham ID kartaga o‘tkazilishini ma’lum qilgani haqida yozgan edik.