Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasida davlat organlarida qarindoshlik aloqalariga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni belgilash taklifi bildirildi.

Hujjat bilan Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritish, jumladan, 79 moddani quyidagi tahrirda bayon etish ko‘zda tutilmoqda:

O‘zaro yaqin qarindosh (to‘g‘ri shajara) yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (katta bobo-buvilar, bobo-buvilar, ota-onalar, o‘g‘il va qizlar, nevara va evaralar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasi va uning tarkibidagi tuzilmalarda birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.

O‘zaro qarindoshlar (yon shajara)ning (aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari hamda shunga o‘xshashlar), bir davlat tashkiloti va uning tarkibidagi tuzilmalar biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysinuvda yoki uning nazorati ostida bo‘lganda xizmat qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat xizmatchisi o‘zaro qarindoshlik rishtalariga ega bo‘lgan shaxs bilan xizmat qilayotganligi o‘ziga ma’lum bo‘lgan vaqtdan boshlab 10 kun ichida davlat tashkiloti rahbariga bu haqida xabar berishi lozim.

Mazkur moddada ko‘rsatilgan holatlar xodim bilan mehnat shartnomasi tuzilgandan so‘ng aniqlangan taqdirda, ish beruvchi ushbu xodimlardan birini, biri ikkinchisiga bevosita yoki uning nazorati ostida bo‘lmagan avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim)ga o‘tkazish choralarini ko‘rishi shart.

Shuningdek, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasi «aholi bandligini ta’minlashda qarindosh-urug‘chilik va boshqa suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligi» bilan to‘ldirildi.

Yuqoridagi keltirilgan normalarni buzganlik, ya’ni ish beruvchini xabardor etmaganlik uchun BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha (4 mln 50 ming so‘mdan — 5 mln 400 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solish taklif qilingan. Tegishli choralarni ko‘rmagan ish beruvchiga esa BHMning 25 baravaridan 30 baravarigacha (6 mln 750 ming so‘mdan — 8 mln 100 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin.

Jamoatchilik muhokamasi 15 noyabrdan 30 noyabrgacha qadar davom etadi.