Qoraqalpog‘istonda IIV xodimi pora bilan qo‘lga tushgani aytilmoqda

Qoraqalpog‘istonda IIV xodimi tadbirkorning mahsulotini YPX maskanlari orqali Xorazm viloyati hududiga o‘tkazish evaziga pora olgan vaqtda ushlangani aytilmoqda. U sheriklari bilan har bir yuk ortilgan transport vositasiga 3,5 mln so‘mdan so‘ragan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik, jinoyat sodir etishga suiqasd qilish va pora berish moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qilishni boshladi

O‘zbekiston Afg‘onistonning Mozori Sharifidagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya qilish, texnik nosozliklar va jihozlarni ta’mirlashda yordam berish uchun 30 kishidan iborat texnik guruh yubordi. Shuningdek, aeroportning 83 nafarga yaqin afg‘on texnik xodimlari O‘zbekistonda o‘qitiladi.

O‘zbekistonda umummilliy Konstitutsiya imtihoni o‘tkaziladi

Fuqarolarning Konstitutsiya haqidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida Adliya vazirligi va Konstitutsiyaviy sud umummilliy imtihonni o‘tkazadi. Imtihon ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1 dekabr kuni boshlanadi. Unda 15 yoshga to‘lgan va undan katta barcha fuqarolar qatnashishi mumkin. Eng yuqori natijani qayd etgan ishtirokchiga 15 mln so‘m beriladi.

Elektromobillar uchun yangi namunadagi davlat raqami belgilari ishlab chiqarildi

O‘zbekistonda elektromobillar uchun alohida — yangi namunadagi davlat raqami belgilari ishlab chiqarildi. 1 noyabrga qadar elektromobillar uchun rasmiylashtirilgan davlat raqami belgilari bepul almashtirib beriladi.

“O‘qituvchilarga yuklash holatlari bor”. Abduqodir Toshqulov OTMdagi muammolar haqida

OTM vaziri Abduqodir Toshqulov ta’lim muassasalarida guruh murabbiyi o‘rniga joriy etilgan “tyutor” lavozimi bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalar ekan, uni o‘qituvchilarga yuklash holatlari uchrayotganini aytdi. “Maqsad professor o‘qituvchilarni o‘ziga asosiy ishiga xos bo‘lmagan ishlardan ozod qilish, u sifatli dars o‘tsin”, — dedi u. Vazir shuningdek, darsga kechikib va xatto tayyorlanmasdan kelayotgan o‘qituvchilar vijdonan dars o‘tmayotganini tanqid qildi.

Qashqadaryoda chigirtkadan eksportbop un ishlab chiqariladi

Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha qiymati 4,1 mlrd so‘m bo‘lib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka uni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Uning har kilosi 3,7 dollardan sotish ko‘zda tutilgan. Chigirtkalarni dalalardan yig‘ib olish uchun esa aholi vakillari jalb qilinadi.

Toshkentda yoshlar festivali boshlanmoqda. Tadbirlar ro‘yxati

Toshkentda noyabr-dekabr oylarida “Toshkent yoshlarni sevadi” shiori ostida Yoshlar oyligi o‘tkaziladi. Tadbir doirasida sport festivallari, intellektual loyihalar, madaniyat va san’at, moda va dizayn ko‘rgazmalari, Poytaxt party konsert dasturlari va boshqalar bo‘lib o‘tadi. Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev “ko‘plab syurprizlar” borligini ma’lum qildi.

Energetika vazirligi elektr ta’minotidagi uzilishlarga izoh berdi

Energetika vazirligi energoresurslarga bo‘lgan mavsumiy talab bilan bir vaqtda ularni yetkazib berish hajmining o‘sishi elektr ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘layotganini ma’lum qildi. Shuningdek, chang bo‘roni, suv resurslari tanqisligi, energoresurslardan oqilona foydalanmaslik va tarmoqqa noqonuniy ulanishlar elektr ta’minotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Behzod Musayev tunda Toshkent shifoxonalaridagi vaziyatni o‘rgandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Behzod Musayev tunda poytaxt shifoxonalarida bo‘lib, bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish holatini o‘rgandi. Keyin u ertalab soat 4:30 da yig‘ilish o‘tkazdi, shundan so‘ng 600 dan ziyod qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Surxondaryoda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi

O‘zbekiston va Qozog‘iston qurolli kuchlarining hamkorlikdagi o‘quv mashqlari 17−24 noyabr kunlarida “Termiz” poligonida bo‘lib o‘tadi. Unda Su-30SM qiruvchilari, harbiy samolyotlar va uchuvchisiz qurilmalardan foydalanish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonlik qizlar o‘zining sun’iy intellekt loyihasini Putinga taqdim etdi

O‘zbekistonlik qizlardan tashkil topgan IT Queens jamoasi AI Journey 2021 konferensiyasida qatnashib, dipfeyk materiallarni aniqlay oladigan ishlanmani taqdim etdi. Tadbir ishtirokchilari orasida bo‘lgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin loyiha muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Jizzaxda prezident maktabi ochildi

Jizzax viloyatida prezident maktabi ochildi. Maktabga 10 000 nafar nomzod orasidan 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ushbu maktab 70,7 mlrd so‘m evaziga davlat budjeti hisobidan qurilgan.

Andijonda 6 kishi zo‘rlanganini aytgan ayol tuhmat uchun javobgarlikka tortildi

Andijon tumanida 6 nafar erkak tomonidan dala shiyponida zo‘rlanganini aytgan 20 yoshli kelin tuhmat qilganlikda aybdor deb topildi. Sud unga 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

O‘zbekistonning eng daromadli banklari ro‘yxati ma’lum qilindi

Uchinchi chorak yakuniga ko‘ra, deyarli barcha banklarning moliyaviy ko‘rsatkichlari ijobiy darajada saqlanib qoldi. Spot`ning yozishicha, eng daromadli banklar uchligiga faqat davlat ishtiroki yuqori bo‘lgan — O‘zsanoatqurilishbank, O‘zmilliybank va Ipoteka bank kirgan. 4 ta tirojat banki esa hanuz zarar ko‘rishda davom etmoqda.

“Investitsiya dasturi vazirlikda emas, balki mahalladan boshlab shakllanadi” — prezident

Shavkat Mirziyoyev kelgusi yildan mahallalar ehtiyojlarini inobatga olgan holda investitsiya dasturlari ishlab chiqilishini, bunga esa hokim yordamchilari mas’ul bo‘lishini ma’lum qildi. “Bundan buyon investitsiya dasturlarini hokimlarning o‘zi mahallabay tamoyili asosida ishlab chiqadi. Ya’ni, dastur vazirlikda emas, balki mahalladan boshlab shakllanadi”, — dedi davlat rahbari.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Jahon banki O‘zbekistonda yoshlar bandligi muammolari va ularning yechimlarini sanab o‘tdi

OTMga kirishning qiyinligi, biznes boshlashda imtiyozli kredit olishning cheklangani va boshlang‘ich kapitalning yo‘qligi, maktablarda kasbga yo‘naltirish amaliyotining deyarli yo‘qligi va boshqa muammolar — Jahon banki O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlash muammolari va ularning potensial yechimlariga bag‘ishlangan yangi hisobotini e’lon qildi.

Yana “savodsizlikning o‘ttiz yili"mi?

Bir guruh tilshunoslar yopiq eshiklar ortida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartishlar kiritish masalasida hal qiluvchi qarorga kelgani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, alifbodagi sh, ch, oʻ va gʻ harflarini ş, ç, ō va ğ shakliga o‘zgartirish hamda ñ harfini kiritish takliflari ma’qullangan. “Gazeta.uz” kolumnisti Komil Jalilov ushbu qarorning ilmiy asoslanmagani va kelajakda qanday ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi haqida yozdi.