14 noyabr kuni O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Ismatulla Ergashev Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida mahalliy rasmiylar bilan uchrashuvda O‘zbekiston Mozori Sharifdagi Mavlono Jaloliddin Muhammad Balxiy xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilishini ma’lum qildi. Bu haqda Tolonews xabar bermoqda.

Afg‘oniston Transport va fuqaro aviatsiyasi vazirligi mutasaddilari bilan uchrashuvda transport vaziri Ilhom Maxkamov ham ishtirok etgan.

Ismatulla Irgashev viloyat rasmiylaridan tashqari, Afg‘oniston Transport va aviatsiya vazirligi vakillari bilan ham uchrashdi.

Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston afg‘onlarga aeroportni rekonstruksiya qilish, texnik nosozliklar va jihozlarni ta’mirlashda yordam berish uchun 30 kishidan iborat texnik guruh yuborgan.

«Bizdan aeroport faoliyatini tiklash va zararlangan uskunani ta’mirlashda yordam berishga chaqirishdi. Shu bois O‘zbekistondan 30 nafar texnik xodim olib keldik. Tez orada aeroport foydalanishga topshiriladi», — deya Tolonews uning so‘zlarini keltirmoqda.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Afg‘onistonga turli sohalarda, xususan, infratuzilma sohasida yordam berishga harakat qiladi.

Shu bilan birga Balx mahalliy rasmiylari O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan iqtisodiy sohalarda va ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirishda hamkorlik qilishga chaqirdi.

«Afg‘onistonning O‘zbekiston oldidagi elektr energiyasi bo‘yicha qarzi yuzasidan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi va biz bank tizimidagi muammolar hal bo‘lgach, to‘lovni to‘lashimizni va O‘zbekiston import qilinadigan elektr energiyasini qisqartirmasligi kerakligini aytdik», — dedi Balx viloyati gubernatori Qudratulloh Hamza.

«O‘zbekiston jamoasi aeroportning barcha jihozlari va har bir uchastkasini ta’mirlab, qayta ishga tushiradi. Shuningdek, Mavlono aeroportida vazirlikning 83 nafarga yaqin texnik xodimlarini O‘zbekistonda o‘qitadi», — dedi Afg‘oniston transport va aviatsiya vaziri o‘rinbosari Hasibulla Sorush.

oktabr oyi oxirida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov «Tolibon» Afg‘onistonning O‘zbekistondan elektr energiyasi importi bo‘yicha barcha qarzlarini to‘liq to‘lab berish majburiyatini o‘z zimmasiga olganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Kobulga elektr energiyasi yetkazib berishni «bir soatga ham» to‘xtatmaganini qayd etgan.

Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda xorij banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qildi. Gap avgust o‘rtasida «Tolibon» qo‘liga tushmasligi uchun AQSh tomonidan muzlatilgan Afg‘oniston Markaziy bankining milliardlab dollarlari haqida ketmoqda.