Jizzax viloyatida prezident maktabi ochildi, deya xabar berildi O‘zbekiston 24 telekanalining “Yangiliklar 24” informatsion dasturida.

Ma’lum qilinishicha, maktabga 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ular 10 000 nafar nomzod orasidan bir necha bosqichli sinovlardan so‘ng tanlab olindi.

Foto: Videodan lavha

Xabarda ta’kidlanishicha, maktab 70,7 mlrd so‘m evaziga davlat budjeti hisobidan qurilgan. Maktabda 50 o‘rinli kutubxona mavjud bo‘lib, 9500 dan ortiq kitob va qo‘llanmalardan iborat fond mavjud. Bundan tashqari bino yotoq va dam olish, 120 o‘rinli oshxona bilan ta’minlangan.

Foto: Videodan lavha

“Men Yangi Zellandiyadan keldim va Jizzaxdagi prezident maktabida ingliz tilidan dars beraman. 25 yillik tajribaga ega pedagog sifatida dars berish uchun O‘zbekistonni ma’qul ko‘rdim. Bunga sabab o‘quvchilarning bilim olishga qiziqishi juda kuchli ekanligi va tirishqoqligi”, — deydi o‘qituvchi Pol Bolter.

Maktabdagi o‘quv-tarbiya tizimi Xalqaro ta’limning Cambridge mezoni hamda mahalliy ta’lim tizimi integratsiyalashgan holda tashkil qilingan.

Foto: Videodan lavha

“Bundan tashqari o‘quvchilarning iqtidori aniq fanlar va texnologiyalarga qiziqishi, yaratuvchanlik salohiyatini o‘stirishga xizmat qiladigan robototexnika, modellashtirish, kreativ ijod to‘garaklari, fizika, kimyo, biologiya kabi tabiiy fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘zlashtirish imkonini beradigan laboratoriya xonalari tashkil etilgan”, — deyiladi xabarda.

Prezident maktablari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda to‘rtta hududda — Toshkent, Namangan, Nukus va Xivada prezident maktablari faoliyat yuritmoqda. 2021 yilda Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Andijon viloyatlarida prezident maktablari qurilishi rejalashtirilgan.

Yanvar oyida “Gazeta.uz” 2021 yilda O‘zbekistonning turli hududlarida yana 10 ta prezident maktabi bunyod etilishi haqida yozgan edi. Andijondagi prezident maktabi shahar hokimiyati va Andijonnoma tahririyati o‘rnida qurilishi rejalashtirilganligi aytilgan.

Iyul oyida 2021−2022 o‘quv yilidan prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilinishi haqida xabar berilgan edi.