Toshkentda 15 noyabr kuni «Toshkent yoshlarni sevadi» shiori ostida «Yoshlik oyligi» yoshlar festivali boshlanmoqda. Tadbirlar dekabr oyi oxirigacha davom etadi, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — «yoshlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otish, tashabbuskor va iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ilm-fanga qiziqishni oshirish, yoshlar o‘rtasida ijod, madaniyat va san’at, sportni rivojlantirish, talabalar, bitiruvchilar va uyushmagan yoshlarning jamiyatda munosib o‘rin topishida ko‘maklashish», — deyiladi xabarda.

«Yoshlar oyligi» doirasida 6 ta yo‘nalishda yirik loyihalar o‘tkaziladi:

  • «Yoshlar sport festivali»;
  • «Intellektual loyihalar festivali»;
  • «Yoshlar madaniyat va san’at festivali»;
  • «An’anaviylik va zamonaviylik» moda va dizayn ko‘rgazmalari;
  • «Tajriba va mahorat»;
  • «Toshkent harbiy vatanparvarlik festivali».

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi istirohat bog‘lari, savdo majmualari va aholi turar-joy massivlarida Poytaxt party navbatdagi konsert dasturlari tashkil etiladi.

Yoshlar o‘rtasida futzal, voleybol, basketbol, shaxmat, stol tennisi, Street Workout, armrestling bo‘yicha musobaqalarning tuman va shahar bosqichlari ham tashkil etiladi. Mazkur sport tadbirlariga 25 ming nafardan ortiq poytaxtlik yoshlarni jalb etish rejalashtirilgan. Loyiha yakunida, 27 noyabr kuni Yunusobod tumanidagi «O‘zbekiston» sport majmuasida sport bayrami yakunlari bo‘yicha taqdirlash marosimi hamda konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.

Intellektual loyihalar festivali doirasida «Zakovat», «Chto? Gde? Kogda?», «Munozara» debat bellashuvlari, CUDC debat chempionati o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarda 1000 nafar yoshlar ishtirok etishi kutilmoqda. 20 noyabr kuni Hilton Tashkent City mehmonxonasida intellektual loyihalar festivali yakunlari bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Yoshlar madaniyat va san’at festivali doirasida «Turkiston» saroyida Dance project movement festivali, Univervision, «Quvnoqlar va zukkolar» tanlovlari o‘tkaziladi. Mazkur loyiha doirasida 15 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgan.

«An’ana va zamonaviylik» yoshlar moda va dizayn ko‘rgazmalarida modeler va dizaynerlarning mahorat darslari, yosh dizaynerlarning mualliflik ishlari namoyishi, «Milliy liboslar» festivali, hunarmandlar va yosh rassomlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Mazkur loyihalarga 500 nafar yoshlarni jalb etish rejalashtirilgan.

«Tajriba va mahorat» tadbiri «Muvaffaqiyat sirlari» loyihasi, kibersport yoshlar chempionati, Tashkent Bowling Championship, InoTechExpo ratsionalizatorlik takliflari, texnik loyihalar va ishlanmalar ko‘rgazmasini o‘z ichiga oladi.

«Toshkent harbiy-vatanparvarlik festivali» doirasida harbiy texnikalar namoyishi, harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, «Ulug‘imsan Vatanim» shiori ostida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi konsert dasturi, viloyatdagi harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalariga tashriflar Toshkent, Job Fest festivali, «Chegara bilmas mehr» loyihasi doirasida poytaxtdagi Mehribonlik uylari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan buyumlar savdo yarmarkasi hamda konsert dasturi namoyish etiladi.

Bundan tashqari, «Ko‘hna va navqiron Toshkent» Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi, Toshkent shahridagi maktab o‘quvchilari uchun ta’sis etilgan «Hokim stipendiyasi» tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

Ushbu loyihalar 50 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olishi rejalashtirilgan.

Dekabr oyining so‘nggi o‘n kunligida «Yangi O‘zbekiston yoshlari — birlashing» shiori ostida yoshlar forumi tashkil etiladi.

«Yuqoridagi loyiha va tadbirlarning amalga oshirilishi 200 mingdan ortiq yoshlarni keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli va foydali tashkil etish imkonini beradi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida festival yakuniga qadar «ko‘plab syurprizlar» borligini ma’lum qildi.

«Bizni juda ko‘p syurprizlar kutib turibdi. Hozir aytsam, qiziqroq bo‘ladi. Yoshlar oyligi oxirigacha ko‘proq syurprizlar bo‘ladi», — dedi u.

Poytaxt hokimligi rahbarining ma’lum qilishicha, Toshkent hokimligi 56 nafar nomzodni Fransiyaning Le Cordon Bleu Paris pazandachilik san’ati va mehmonxona sanoati xalqaro maktabiga (50 nafari hokimlikdan, 6 nafari maktabning o‘zidan) o‘qishga yuborish huquqini olgan. Ushbu stipendiyalarning 10 tasi yoshlar festivali doirasida o‘ynaladi.

«Biz turar joy, mashg‘ulotlar, parvozlarni to‘liq to‘laymiz — barcha xarajatlar Toshkent shahar hokimligi tomonidan qoplanadi. Ushbu stipendiyalarning 10 tasi festivalning eng faol ishtirokchilari o‘rtasida o‘ynaladi… Toshkentdagi Breadly novvoyxonasi rahbari Le Cordon Bleu Paris`da malakasini oshirgach, o‘z korxonasini ochganini misol qilib keltirmoqchiman», — dedi hokim.

Birinchi hafta tadbirlari

Tadbir nomi

O‘tkazish vaqti

Joyi

Intellektual loyihalar festivali

«Zakovat» intellektual o‘yini

15 noyabr, 12:00−18:00

Hilton Tashkent City mehmonxonasi

«Chto? Gde? Kogda?» intellektual o‘yini

16 noyabr, 12:00−18:00


Hilton Tashkent City mehmonxonasi

Quiz intellektual o‘yini

17 noyabr, 10:00−15:00

Yoshlar ijod saroyi

«Munozara» debat bellashuvlari

18 noyabr, 10:00−15:00

Yoshlar ijod saroyi

CUDC debat chempionati

20 noyabr, 10:00−16:00

Hilton Tashkent City mehmonxonasi

Katta konsert dasturi hamda intellektual loyihalar g‘oliblarini taqdirlash marosimi

20 noyabr, 18:00−20:00

Magic City bog‘i

Tashkilotchilar tadbirlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritishlari mumkin.