O‘zbekistonda elektr quvvati bilan harakatlanuvchi avtotransport vositalari (elektromobillar) uchun alohida — yangi namunadagi davlat raqami belgilari ishlab chiqarildi, deya xabar berdi IIV YHXBB matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, 1 noyabrga qadar elektromobillar uchun rasmiylashtirilgan davlat raqami belgilari bepul almashtirib beriladi.

Bundan tashqari autsion savdolari orqali yutib olingan davlat raqami belgilari ham elektromobillar uchun maxsus qaytadan ishlab chiqariladi.

Iyun oyida Andijon viloyatidagi Asaka zavodida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan. 2021−2023 yillarda 80 mln dollar investitsiya evaziga, 8 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan edi.

Avvalroq, Farg‘ona viloyatida dekabr oyida “Central Asia Motors” korxonasida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida ishlab chiqarilishi haqida xabar bergan edik. Korxona to‘la quvvati bilan ishga tushgach, yiliga 10 ming elektromobil ishlab chiqarishi kutilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 40 foizi eksport qilinishi aytilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatida elektromobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Loyiha Koreyaning Songuo Mobility Innovation kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyiha qiymati 1 mlrd 210 mln dollarga teng.