Hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 2022 yil uchun Davlat budjeti loyihasi va budjetnomada kiritildi, deb xabar bermoqda deputat Doniyor G‘aniyev.

Hujjatga ko‘ra, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinadi.

Bundan tashqari, deputatning yozishicha, uning Moliya vazirligidagi manbalari «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritilishi kutilayotganini ma’lum qilgan. Unga muvofiq, avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat’iy nazar BHMning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanadi. Amalda BHMning 2 barobaridan 10 baravarigacha (540 ming so‘mdan — 2,7 mln so‘mgacha) miqdorda belgilangan.

Demak, «2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilinishi hamda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgrtirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari keskin kamayadi, deb yozmoqda deputat.

Amaldagi tartibga asosan ot kuchi 105 bo‘lgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan ko‘p bo‘lmagan Nexia avtomobilini oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 5mln 535 ming so‘m xarajat talab qilinayotgan bo‘lsa, qonunchilikka yuqoridagi o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng (2022 yildan) bu xarajatlar taxminan 4 mln so‘mga kamayib, 1,6 mln so‘m atrofida bo‘ladi.