Adliya vazirligi Konstitutsiyaviy sud bilan xamkorlikda fuqarolarning Konstitutsiya haqidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida umummilliy Konstitutsiya imtihoni o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Imtihonda 15 yoshga to‘lgan va undan katta barcha fuqarolar qatnashishi mumkin. Unda ishtirok etish ixtiyoriy, bepul va barcha uchun ochiq, deya qayd etdi Adliya vazirlik.

Umummilliy Konstitutsiya imtihoni shartlari

Imtihon 2 bosqichda tashkil etiladi.

1-bosqich — test sinovi. 1 dekabr kuni soat 09:00 dan 13:00 gacha onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi.

Har bir ishtirokchi 8-dekabr.adliya.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tish 15 noyabrdan 30 noyabrga (shu kuni ham) qadar davom etadi.

Test sinovi 20 ta test savoli va 1 ta ijodiy savoldan iborat. Savollarning barchasiga eng qisqa muddatda to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilar orasidan 50 nafari tanlab olinib, ularning ijodiy savolga berilgan javoblari ko‘rib chiqiladi.

Baholash natijasiga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar ishtirokchi navbatdagi bosqichga o‘tadi.

2-bosqich — suhbat. Mazkur bosqich 8 dekabr — Konstitutsiya bayrami arafasida tashkil etilib, bunda har bir ishtirokchiga 10 tadan savol beriladi.

Yakunda eng yuqori natijani qayd etgan 3 nafar ishtirokchi g‘olib deb topiladi.

Munosib nomzodlar bo‘lmagan taqdirda hakamlar hay’atining qarori bilan g‘oliblar aniqlanmasligi mumkin.

2-bosqich jarayonlari onlayn translatsiya qilinadi.

G‘oliblar quyidagicha taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin — 15 mln so‘m;
  • 2-o‘rin — 10 mln so‘m;
  • 3-o‘rin — 5 mln so‘m.

Imtihonga aholini keng jalb etish bo‘yicha kurator sifatida volontyorlar (ko‘ngillilar) ham ishtirok etishi mumkin. Bunda eng ko‘p ishtirokchi jalb etgan 3 nafar volontyor maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.