13 noyabr kuni Moskva viloyatining Solnechnogorsk shaharchasi Pribrejnaya ko‘chasida joylashgan quruvchilarning vaqtincha turar joyida yong‘in yuz bergan. Yong‘inda 2 kishi jarohatlangan va 4 kishi vafot etgan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vafot etganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekanini tasdiqladi.

Qayd etilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi ushbu holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan aloqa o‘rnatgan.

Agentlik tomonidan vafot etganlarning shaxsiga aniqlik kiritildi. Ma’lum bo‘lishicha, yong‘inda vafot etganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari (Sh.A. 1969 y.t., E.U. 1998 y.t., Sh. K. 1987 y.t., A.R. 1998 y.t.) ekani aniqlangan.

«Ushbu holat nozoratga olingan va vafot etgan yurtdoshlarimiz jasadlarini Vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda», — deyiladi agentlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» 2020 yilning may oyida Moskva viloyatining Ramenskiy tumanidagi shaxsiy turar-joyda yong‘in oqibatida 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.