O‘zbekistonda dastlabki 10 oyda 7681 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan bo‘lib, ularda 1964 kishi qurbon bo‘lgan, 6886 kishi yesa jarohatlangan, deya xabar bermoqda IIV YHXBB matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, bu ko‘rsatkichlar butun 2020 yildagi ko‘rsatkichlardan oshib ketgan, o‘tgan yilda 6982 ta yo‘l-transport hodisasi (2019 yilga nisbatan 13,7 foizga kam) qayd etilgan bo‘lib, ularda 1962 kishi halok bo‘lgan (-6,3 foiz) va 6591 kishi jarohatlangan (-16,8 foiz)). O‘tgan yildagi pasayish koronavirus pandemiyasi sababli uzoq davom etgan karantin bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Viloyatlar kesimida eng ko‘p YTH Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda — 1173 ta. Qolaversa, Toshkent viloyatida — 1023 ta hamda Toshkent shahrida — 842 ta baxtsiz hodisalar qayd etilgan. Shuningdek, Samarqand viloyatida 825 ta YTH sodir yetilgan.

3441 ta (dastlabki 5 oyda 1249 ta) avariya piyodalar, 1268 tasi (396 ta) bolalar, 867 tasi (233 ta) velosipedchilar va 62 tasi (22) mototsikl haydovchilari ishtirokida sodir bo‘lgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, dastlabki 5 oyga qaraganda piyodalar (2192 ta) hamda bolalar (872 ta) bilan bog‘liq avariyalar soni keskin oshgan.

Infografika IIV YHXBB tomonidan birlamchi ma’lumotlar asosida tayyorlangan.

Avariyalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar qatorida yo‘l harakatini tashkil etish va yo‘llardagi nosozliklar sababli — 23,2 foiz (1782 ta), piyodalar o‘tish yo‘laklari yo‘qligi sababli belgilanmagan joydan o‘tish — 22,2 foiz (1705 ta), belgilangan tezlikka rioya qilmaslik — 15,9 foiz (1221 ta), qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish — 8,9 foizni (683 ta), piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodani urib yuborish — 7,6 foiz (584 ta) tashkil etgan.

Shu bilan birga, 7 foiz (538 ta) avariya haydovchining tajribasizligi, yana 7 foizi (537 ta) esa veloyo‘laklar bo‘lmagan joylarda ularni urib yuborish kabi holatlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Qolaversa, bolalarni qarovsiz qoldirish barcha avariyalarning 2,9 foiziga (223 ta) sabab bo‘lgan bo‘lsa, avtomobilni mast holatda boshqarish 1,7 foiz (132 ta) YTHga olib kelgan. Boshqa sabablar bilan bog‘liq holatlar esa 3,6 foizni tashkil etgan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» yanvar-may oylarida O‘zbekistonda 2960 ta YTH qayd etildi. Buning oqibatida 2365 kishi jarohatlangan, 770 kishi esa vafot etgani haqida xabar bergandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatda 2242 ta YTH qayd etildi. Buning oqibatida 1684 kishi jarohatlangan, 557 kishi esa vafot etgani haqida ma’lum qilgan edi.