2006 yildan beri noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Tibbiyot xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Ushbu sana munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev soha xodimlariga tabrik maktubini yo‘lladi.

«Avvalo, siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz — Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman», — deya boshlangan tabrik.

Unda shuningdek, jahon tibbiyot ilmining asoschilaridan biri, buyuk alloma Abu Ali ibn Sino bobomiz aytganlaridek, odamlar dardiga darmon bo‘lmoq — ezgulik va olijanoblikning yuksak namunasi ekanligi ta’kidlangan.

«Xalqimiz sizlarning timsolingizda o‘z hayotini ana shunday ulug‘ va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, el-yurt salomatligini asrash yo‘lida bor bilim va tajribasi, iste’dod va mahoratini safarbar etib kelayotgan sharafli kasb egalarini ko‘radi hamda mashaqqatli mehnatingizni doimo munosib qadrlaydi», — dedi davlat rahbari.

«Chindan ham, inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlaridir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz», — deya davom etgan maktub.

Mamlakatda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lashda sog‘liqni saqlash tizimi ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.

«Shuning uchun ham yurtimizda tinchlik va sog‘liqni ta’minlashga erishsak, qolgan hamma narsaga erishamiz, degan fikrni yana takrorlashni o‘rinli, deb bilaman», — deydi prezident.

Keyingi besh yilda sohaga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari, jumladan, 2019−2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani ta’kidlangan.

Tibbiyot sohasini moliyalashtirish hajmi yil sayin ortib bormoqda. Joriy yilda sohaga 18 trillion so‘mdan ziyod yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ ajratilgan.

Mamlakatda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli — birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmog‘i yaratilib, samarali faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, tibbiyot muassasalari xalqqa yanada yaqinlashmoqda, deyiladi tabrikda.

Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda. Buni birgina misol, ya’ni, qisqa davrda buyrak, jigar va o‘zak hujayralarda 700 dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga оширилганида ham ko‘rish mumkin.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha ishlar ko‘lami ham kengaymoqda. Xususan, homilador ayollar salomatligini doimiy nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgani onalar va go‘daklar o‘limini sezilarli kamaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘tgan davrda patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda tashkil etildi. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir fuqaro salomatligini nazorat qilib borayotgani kasalliklarning oldini olish va aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirishda katta rol o‘ynamoqda.

Davlat tibbiyot muassasalari bilan birga, xususiy klinikalar soni ko‘payib, ular 129 ta yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgani sohada sog‘lom raqobatni, aholi uchun tanlash imkoniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

«Koronavirus pandemiyasi butun dunyo qatori xalqimiz, ayniqsa O‘zbekiston tibbiyoti uchun ham jiddiy sinov bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz. El boshiga ish tushgan ana shunday og‘ir va murakkab paytda birinchi bo‘lib yordamga shoshilgan, virus o‘choqlarida o‘z hayotini xatarga qo‘yib, bu xavfli kasallikka qarshi mardona kurashgan sog‘liqni saqlash xodimlariga ushbu quvonchli ayyomda yana bir bor minnatdorlik bildiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari tabrigida tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatingiz bilan pandemiyaga qarshi kurashning ilg‘or usul va vositalari ishlab chiqilib, amalda joriy etilayotgani, qolaversa, aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari muvaffaqiyatli olib borilayotgani tilga olingan.

«Agar 2019 yildan buyon ushbu tizimda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizdan qariyb 550 nafari yuksak unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, kuni kecha imzolangan farmonga ko‘ra yana 82 nafar tibbiyot xodimi davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldilar», deyiladi maktubda.

Xalq salomatligini saqlash va mustahkamlash biz uchun bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qoladi. «Kelgusida sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni 2 barobar oshirish, jumladan, yaqin besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish belgilangani bu boradagi rejalarimiz ko‘lamidan dalolat beradi», — deydi prezident.

«Asosiy vazifamiz — tibbiyot sohasini yuqori samara bilan ishlaydigan, chinakam xalqchil tizimga aylantirishdan iborat», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, aholi orasida eng ko‘p tarqalgan va erta o‘lim holatlarining asosiy sababi bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini o‘tkazish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha samarali choralar amalga oshiriladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «Yangi O‘zbekistonni barpo etishga faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina qodir».

«Ana shunday baland marralarga erishishda el-yurtimiz dardiga hamisha darmon bo‘lib kelayotgan siz, azizlar, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va malakangizni ayamasdan mehnat qilasiz, deb ishonaman. Sizlarni kasb bayramingiz — Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman», — deya yakunlangan maktub.