Senator Ulug‘bek G‘aniyevich Fayziyev Navoiy viloyati Qiziltepa tumaniga hokim etib tayinlandi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati. U mazkur lavozimda tumanga 25 yildan beri rahbarlik qilib kelgan Shabon Nabiyev o‘rnini egalladi.

Bu tayinlov 13 noyabr kuni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov ishtirokida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi. Viloyat rahbarining aniqlik kiritishicha, Shabon Nabiyev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shabon Nabiyev. Foto: Qiziltepa tumani hokimiyati.

Ulug‘bek Fayziyev (1976 yilda tug‘ilgan) Navoiy davlat konchilik instituti (1998) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (2010) bitiruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, u bunga qadar Zarafshan Golden Group qurilish kompaniyasi asoschisi va rahbari sifatida faoliyat yuritgan.