Adliya vaziri Ruslanbek Davletov kommunal xizmat ko‘rsatish sifati pastligi jumladan, gaz va elektrdagi uzilishlar natijasida tadbirkorlar zarar ko‘rishi bog‘liq muammoni hal etish yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

Vazir mazkur masalaga juma kuni Telegram orqali bo‘lib o‘tgan audio podcast vaqtida to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu juda dolzarb masala».

«Energiya ta’minoti bo‘yicha uzilishlar bor gap. Tadbirkorlar ham, aholi ham qiynalayapti. Aynan tadbirkorlar to‘g‘risida gap ketti… shartnoma bor. Bu ikkinchi tomon monopolist korxona bo‘lganidan keyin shartnoma shartlari ham tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilgan, ya’ni u yerda standartlashtirilgan shartnomalar bor. Shu shartnomalar asosida ko‘rish kerak», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, buning yechimi huquqiy ong, munosabatlar bilan bog‘liq.

«Sudga berib kerak bo‘lsa, zararni undirayotgan tadbirkorlar ham bor. Chunki sex ishlayapti, uni mahsuloti, xom ashyosi ichida qolib ketsa, „svet“ kelmay qolgandan keyin xom ashyoni chiqarib, boshqatdan [mahsulot ishlab chiqara olmaydi]… uni hammasi zarar bilan bog‘liq», — dedi vazir.

U huquqshunos sifatida mazkur masalani sud orqali hal etish zarurligini ta’kidladi.

«Sudga berish kerak. Shu yo‘l bilan hammasini tartibga solsa bo‘ladi. [Ta’minotchi korxonalar] mas’uliyati albatta oshadi, to‘lab ko‘rsin zararni keyin biladi qanaqa [hal] qilishini. Ertaga boshqacharoq harakat qiladi. Juda ko‘p holatlarda shunaqa bo‘ladi. Sudlar davlat va xo‘jalik organlarini qonun, shartnomalarga asosan majbur qiladigan organ. Bundan foydalanish kerak», — dedi Ruslanbek Davletov.