Buyuk Britaniyadagi afg‘on diasporasi vakilasi Anjela G‘ayur Instagram`da afg‘on ayollariga mo‘ljallangan Hirot onlayn maktabiga asos soldi, deya xabar qilmoqda BBC News nashri.

Ma’lum bo‘lishicha, 1992 yilda Afg‘onistonda boshlangan fuqarolar urushi vaqtida sakkiz yoshli Anjelaning oilasi Hirotdagi uyini tark etib, Eronga qochgan. Keyingi besh yil mobaynida Anjela oilaning vaqtinchalik viza shartlari sabab maktabga qatnay olmagan.

«O‘sha paytda Eronga qochgan afg‘on bolalarining zarur hujjatlar yo‘qligi sababli maktabga bora olmasligi odatiy hol edi», — deb eslaydi Anjela.

Nihoyat 13 yoshida otasi kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishga muvaffaq bo‘lgach, Anjela Eronda maktabga qatnay boshlagan. U har kuni maktabdan qaytgach, otasining bog‘ida 14 nafar afg‘on bolalariga dars bergan. U bolalarga o‘sha kuni maktabda o‘qish, yozish, matematikadan o‘rgangan hamma narsasini o‘rgatardi.

«„Tolibon“ hokimiyatdan ag‘darilganidan bir necha yil o‘tgach, Anjela Afg‘onistonga qaytib, o‘rta maktab o‘qituvchisi sifatida malakaga ega bo‘ldi. So‘ngra Niderlandiyaga, keyin esa Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Avgust oyida «Tolibon» hokimiyatga qaytgach, qizlar uchun o‘rta maktabga borishni, ayollarning ishga chiqishini taqiqladi. Muvaqqat hukumat rasmiylari mazkur cheklovlarni «xavfsizlik nuqtai nazaridan» «vaqtinchalik» chora ekanligini qayd etgan, mamlakatla erkaklar va ayollar ta’limiga teng yondashuvni va’da qildi.

«Anjela afg‘on ayollari va qizlariga ta’lim berish uchun Hirot onlayn maktabiga asos soldi. U Instagram`da tajribali o‘qituvchilardan yordam so‘rab post qo‘ydi va o‘sha birinchi postdan so‘ng dasturga 400 ga yaqin ko‘ngilli qo‘shildi. Telegram yoki Skype orqali ular matematika va musiqadan tortib, pazandalik va rasm chizishgacha bo‘lgan 170 dan ortiq turli xil onlayn darslarni taklif qilishadi», — deyiladi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, aksariyati eronlik muallimlar kuniga ikki soatdan sakkiz soatgacha ishlaydi.

«Bizning shior — miltiq emas, qalam», — deydi Anjela.

Hozirda onlayn maktab 1000 ga yaqin o‘quvchini qamrab olishga erishgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi haftalarda mamlakatning 34 viloyatidan beshtasida qizlar o‘rta maktablarga qaytgan. Xususiy universitetlarda tahsil olayotgan qizlarga ham qaytishga ruxsat berildi. Ammo butun mamlakat bo‘ylab o‘quvchi qizlarning katta qismiga qo‘yilgan cheklovlar hali ham olib tashlanmaganligi aytilmoqda.

Ayol o‘qituvchilarga ham uyda qolish buyurilgan va «Tolibon» ularga qachon ishga qaytishlari mumkinligi haqida hech narsa demagan.

BMT hisob-kitobiga ko‘ra, Kobuldagi barcha malakali o‘qituvchilarning 70 foizi ayollar ekanligi hisobga olinsa, ta’limni davom ettirayotgan o‘g‘il bolalar uchun ham o‘qituvchilarning sezilarli yetishmasligi ehtimoli bor.

«„Tolibon“ siyosiy kuch sifatida qayta tiklanishidan ancha avval ham Afg‘oniston ta’lim imkoniyatlaridagi cheklovlar bilan kurashayotgan edi. Ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda 15 yoshdan oshgan bolalarning uchdan biridan ko‘prog‘i savodsiz bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Qizlarning aksariyati qismiga ta’lim imkoniyati qaytarilmas ekan, bu statistika faqat o‘sib borishi kutilmoqda.