4 noyabrda kunning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning ayrim hududlarini g‘ayrioddiy chang-qumli tuman qopladi. Avval bunga shamolning kuchayishi natijasida tuproqning juda qurib qolgan ustki qatlami ko‘tarilishi sabab bo‘lgani aytildi. Keyinroq, «O‘zgidromet» mamlakatdagi keng ko‘lamli qurilish ishlari ushbu hodisaning paydo bo‘lish sabablaridan biri ekanligini tasdiqladi. Markaz tomonidan olib borilayotgan kuzatishlar davomiyligi (150 yil) natijasida bunday g‘ayrioddiy holat ilgari kuzatilmagan.

Odamzod tomonidan avval kuzatilmagan tabiat hodisalari juda ham ko‘p savollarni keltirib chiqarishi tabiiy. Ularning deyarli barchasi yoki taxminiy xulosalarga, yoki farazlarga asoslanadi. Ayrimlarining esa hanuzgacha sababi aniqlanmagan.

Dunyoning turli chekkalarida kuzatilgan eng g‘ayrioddiy tabiat hodisalari haqida «Gazeta.uz» maqolasida.

«Qotil tuman» (Angliya)


Azaldan tuman va Buyuk Britaniya bir-biriga hamisha bog‘liq bo‘lgan. 1952 yil 5 dekabrda Londonga tushgan tuman haqiqatdan ham halokatli oqibatlarga olib kelgan va 12 ming kishining hayotiga zomin bo‘lganligi aytiladi.

1952 yil Britaniyada qish ancha erta boshlangan. Noyabr oyida qattiq sovuq tushgan, qor yog‘gan va dekabrga kelib, qishki ob-havo mamlakat hududini butunlay o‘rab olgan.

Londondagi havo fabrika va zavodlardan chiqadigan tutun bilan qattiq ifloslanib borayotgan edi, chunki mamlakat sanoati urush vayronagarchiliklaridan faol ravishda tiklanayotgan bo‘lgan. Ko‘plab avtomobillar va jamoat transporti ham atrof-muhitning ifloslanishiga hissa qo‘shgan.

O‘sha yili Angliya poytaxtiga sovuq tuman tushgan, uning tarqalishiga esa hech qanday imkon bo‘lmagan. Va bu tuman ichida chiqindi gazlar, zavod chiqindilari, yuz minglab kaminlarning qorakuya zarralari to‘plangan.

Ko‘chalarda deyarli hech narsa ko‘rinmas, odamlar faqat bino devorlarini ushlab harakatlana olar edilar.

5 kun davom etgan qora tuman minglab kishilar, ayniqsa katta yoshdagilar, yosh bolalar va respirator kasalliklari borlarning o‘limiga sabab bo‘lgan. Birlamchi hisobotlarga ko‘ra, tuman oqibatida 4 ming kishi vafot etgan. Biroq, ayrim mutaxassislar qora tuman paytida zararlanib, keyinchalik vafot etganlar soni 12 minggacha yetgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashadi.

Bunday tumanda burun va og‘izga hatto qalin doka bog‘lab ham nafas olish juda qiyin bo‘lgan. Ko‘pgina hayvonlarning nobud bo‘lgani ham aniqlangan.

Butun dunyo uchun 1952 yildagi buyuk London tumani atrof-muhitning ifloslanishi qanchalik xavfli ekanligini yaqqol ko‘rsatgan. Buyuk Britaniyada ushbu tuman sabablarini o‘rganish parlament darajasigacha ko‘tarilgan. Mamlakatda bunday darajadigi ekologik halokat takrorlanishining oldini olish uchun qonunchilikni kuchaytirish choralari ko‘rilgan.

«Qonli» yomg‘ir (Hindiston)

Foto: baartalaap.in

2012 yilning avgust oyida Hindistonning Kerala shtatidagi Kannur shahri aholisi g‘ayrioddiy tabiat hodisasiga guvoh bo‘lishgan. Shaharga qizil rangdagi yomg‘ir yog‘gan. Yomg‘ir suvi shunchalik qizg‘ish bo‘lganki, hayvonlarning qonini eslatardi.

Yo‘llarda bir zumda qizil ko‘lmaklar paydo bo‘lgan, yomg‘irdan yashirinishga ulgurmagan odamlarning kiyimlari qizarib ketgan. Yomg‘ir o‘n besh daqiqa yog‘gani qayd etilgan.

Ba’zi olimlar yomg‘ir suv o‘tlari sporalaridan o‘zining g‘ayrioddiy rangini oldi, deb hisoblashadi. Boshqalar ushbu tabiat hodisasi kosmosda kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligiga ishonishadi.

Ilmiy tahlillar qizil yomg‘ir tomchilarida, ehtimol kometa qoldiqlaridan yerga tushgan mikroskopik zarralar borligini ko‘rsatgan. Yer atmosferasiga tushgan meteorit parchalari zarralari qizil yomg‘ir bulutlarini hosil qilishi mumkin, deb taxmin qilingan.

Bundan tashqari, suv omborlaridan qizil suv o‘tlari sporalarini so‘rib olgan suv quyuni ushbu hodisaning sababi bo‘lishi mumkin deb ham aytiladi. Yomg‘ir suvi bilan aralashib, bu sporalar qonli yomg‘ir shaklida yog‘gan degan taxmin ham bor.

Ma’lumotga ko‘ra, qizil yomg‘ir birinchi marotaba Kerala shtatida 2001 yilda yog‘gan, besh yildan so‘ng yana takrorlangan. 2001 yilning o‘zida 120 ta rangli, jumladan qizil, sariq, qora va yashil yomg‘irlar qayd etilgan.

«Jodugar doiralari» (Namibiya)

Foto: Robertharding/Alamy

Namib cho‘lining qurg‘oqchil tuprog‘ida o‘sgan o‘tlarda g‘alati hodisani kuzatish mumkin — diametri 2 dan 15 metrgacha bo‘lgan, biror o‘simlik o‘smaydigan, go‘yo asal qoliplaridek 2500 kilometr maydonga cho‘zilgan millionlab dumaloq yamoqlar bor.

«Jodugar doiralar» nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu yer go‘yo kuya tomonidan teshib tashlangan katta o‘t gilamiga o‘xshaydi.

Hech kim ushbu teshiklarning qanday paydo bo‘lganini tushuntira olmasligi ushbu hodisani yanada jumboqli qiladi.

Olimlar bu joylarda tuproq radiatsiya bilan ifloslangani yoki ba’zi o‘simliklar chiqaradigan toksinlar atrofdagi o‘simliklarga ta’sir qilishi haqida taxmin qilishgan. Ba’zi odamlar doiralar qum termitlarining ishi deb ham o‘ylashadi. Ular suv saqlash uchun yerda kovaklar qazishadi va o‘simliklarning tagidagi qum yomg‘ir namligini singdirishi uchun ularning ildizini yeyishadi.

Yana bir taxminga ko‘ra, cho‘l iqlimida o‘simliklar suv va ozuqa uchun kurash olib borishadi. Zaif o‘simliklar nobud bo‘lib, kuchliroqlari o‘sib chiqqach, yashil qatlam turli shakllarda «o‘z-o‘zidan» kelib chiqadi.

Muzlab qolgan metan pufakchalari (Kanada)

Foto: Robertharding/Alamy

Ushbu pufakchalar suvga tushib, muzlab qolgan «uchar likopchalar» yoki muz bilan o‘ralgan qadimgi meduzalarni eslatadi. Aslida, esa bu muz doiralari qotib qolgan metan pufakchalaridan iborat bo‘lib, suv ostida muzlab, ajoyib manzara yaratadi.

Bunday hodisani qishda shimoliy kengliklarda joylashgan ko‘llarda, masalan Kanadaning Alberta provinsiyasidagi Avraam ko‘lida uchratish mumkin. Ular quruq barglar, o‘tlar va hayvonlar suvga cho‘kib, metan ajratadigan bakteriyalar uchun yemak bo‘lganda paydo bo‘ladi.

Aytishlaricha, gaz pufakchalar shaklida ajralib chiqib, muzlagan suv bilan reaksiyaga kirishadi va o‘n minglab oq muz disklariga aylanadi.

Bahorda muz eriy boshlaydi va metan pufakchalari yorilib, shivirlaydigan ovoz chiqaradi. So‘ng muz ajralib chiqa boshlaydi. Lekin agar kimdir yaqin atrofda gugurt yoqmoqchi bo‘lsa, bu metan massasi alangalanadi va dahshatli portlash sodir bo‘lishi mumkin.

«O‘lim barmog‘i» yoki Braynikl (Arktika)


Bu Arktikaning muz ostidagi suvlarida paydo bo‘lgan g‘ayrioddiy tabiiy hodisa. Ko‘rinishidan sumalakga o‘xshaydigan ushbu aralashma biroz sho‘rlangan muzli suv va sho‘rroq okean suvi bilan to‘qnashuvidan hosil bo‘ladi.

Uni «muz stalaktiti» deb ham atashadi, lekin aslida u muz emas. Braynikl — juda sovuq, o‘ta to‘yingan sho‘r suv oqimi hisoblanadi. Tuzli okean suvi muzlaganda, yangi muz hosil qilish uchun tuz chiqaradi. Ortiqcha tuz muz yuzasida va muz massasidagi bo‘shliqlarda qolgan suvni to‘ydiradi.

Natijada, muzlash nuqtasi juda past bo‘lgan yuqori zichlikdagi sho‘r suvli eritmani o‘z ichiga olgan muzli suv zaxiralari paydo bo‘ladi: harorat sho‘rlanish darajasining oshishi bilan pasayadi. Agar muz yorilib ketsa, mazkur zich, og‘ir va o‘ta sovuq suyuqlik o‘z yo‘lidagi hamma narsani muzlatib, halokatli oqim shaklida suv tubiga cho‘kishni boshlaydi. Yuqoridagi suratda ham dengiz yulduzlarining braynikl tufayli halok bo‘lganini ko‘rish mumkin.