Toshkentning uchta tumanida issiq suv va issiqlik ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi, deb xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Bunga bugun Yunusobod tumanidagi 4-Issiqlik markazining elektr energiyasi ta’minotida nosozlik ro‘y bergani sabab bo‘lgan.

Buning oqibatida Yunusobod tumanida to‘liq, Olmazor va Shaxontohur tumanlarida esa qisman issiq suv va issiqlik ta’minotida uzilish kuzatilmoqda.

Ayni paytda issiqlik markazida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

“Mutasaddilar soat 17:00 gacha issiq suv va kechki 24:00 ga qadar issiqlik ta’minoti to‘liq tiklanishini ma’lum qildilar”, — deyiladi xabarda.