Andijon viloyatida zilzila sodir bo‘ldi

Andijon viloyatining Jalaquduq tumani hududida zilzila sodir bo‘ldi. Epitsentr hududida silkinishlar kuchi 4 ballni tashkil qildi.

Bo‘stonliq tumanida 56 tup daraxt kesib tashlandi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 56 tup daraxt noqonuniy ravishda kesilganligi aniqlandi. Ushbu hatta-harakat natijasida o‘simlik dunyosiga 288 mln 792 ming so‘m miqdorda zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

2022 yilda 40 ta maktab qurish rejalashtirilgan. Bu juda ham kam

2022 yilda davlat tomonidan 410 mlrd so‘mlik 40 ta maktab qurish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilgidan deyarli ikki baravar ko‘p, ammo maktablarda joy yetishmasligi muammosini hal qilish uchun hali ham halokatli darajada yetarli emas.

Andijon shahar hokimi fuqaroni haqorat qildi

Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov telefon suhbati davomida fuqaroni haqorat qilganligi ma’lum bo‘ldi. Viloyat hokimligining ta’kidlashicha, fuqaro uyi “snos"ga tushganligi sababli hokimga qurilish firmasidan 400 kv metrli uy-joy va Gentra avtomobilini undirib berishni so‘rab bir necha marotaba murojaat qilgan. Andijon hokimining harakatlariga viloyat hokimligi tomonidan huquqiy baho beriladi.

USAID O‘zbekistonga COVID-19 bilan kurashish uchun qo‘shimcha 2,5 mln dollar ajratdi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 mln dollar ajratdi. Bu mablag‘ dori vositalari sifatini ta’minlash va mamlakatda vaksinaga nisbatan ishonchsizlikni bartaraf etish uchun sarflanadi.

O‘zbekistondagi uy-joy va binolarda energiya tejash bo‘yicha katta muammolar mavjud — ekspertlar

O‘zbekistonda jami elektr energiyasining qariyb 60 foizi jamoat binolari iste’moliga to‘g‘ri kelmoqda. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirovning fikricha, “uy-joy va binolarni ekspluatatsiya qilishda energiya tejash bo‘yicha katta muammolar mavjud”. Jahon bankining O‘zbekistondagi vakili Marko Mantovanelli esa yuqori energiya sarfi gazni atrof muhitga tashlash va iqlim o‘zgarishlariga sabab bo‘lishini ta’kidladi. O‘zbekiston muammoni bartaraf etish uchun Milliy dastur ishlab chiqmoqchi.

Toshkentning uchta tumanida issiqlik va issiq suv uzilib qoldi

Yunusobod tumanidagi 4-Issiqlik markazining elektr energiyasi ta’minotida nosozlik ro‘y bergani sababli Yunusobod, Olmazor va Shaxontohur tumanlarida issiq suv va issiqlik ta’minotida uzilish kuzatilmoqda.

10 oyda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 191 mingdan ortiq holatda qonun buzilgan — DXA

10 oyda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida 191 mingdan ortiq qonunbuzilish holati aniqlandi. “O‘zsuvta'minot”, “Hududgazta'minot”, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi qonun buzar takshilotlar top-5taligidan o‘rin olgan. Natijada 2556 nafar mansabdor jarimaga tortildi, 64 nafari esa ishdan bo‘shatildi.

Bir tonna Ai-80 benzinining birja narxlari yil boshidan buyon 72,1 foizga oshdi

Yil boshidan buyon birjalarda Ai-80 rusumli benzinning ulgurji narxi 72,1 foizga — bir tonnasi uchun 5,81 million so‘mdan 10 million so‘mga qimmatlashdi. Shu bilan birga, asosan import qilinadigan va jahon kotirovkalari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa turdagi (Ai-91, Ai-92 va Ai-95) yoqilg‘ining o‘sish sur’atlari mahalliy analogga nisbatan pastroq bo‘ldi. Avvalroq “O‘zbekneftgaz” va Energetika vazirligi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida faqat Ai-80 rusumli benzin narxini ushlab turganini ma’lum qilgandi.

8 sinf o‘quvchisi bilan jinsiy aloqa qilgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va uning sheriklariga hukm o‘qildi

Toshkentda 15 yoshli maktab o‘quvchisi bilan jinsiy yaqinlik qilgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va uning ikki nafar sherigi ushbu jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sud o‘qituvchini 4 yilga, uning sheriklarini esa 2 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

O‘zbekistondan 20 yil ichida 1,1 milliondan ortiq kishi ko‘chib ketgan

2000−2020 yillarda O‘zbekistondan 1,1 milliondan ortiq kishi boshqa mamlakatlarga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan. Xuddi shu davrda mamlakatga xorijliklar 11 baravar kamroq ko‘chib kelgan.

“Tovar aylanmasini $1 mlrdga oshirish imkoniyati mavjud”. O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Istanbulda uchrashdi

Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev Istanbulda uchrashdi. Qirg‘iz prezidenti matbuot xizmati yozishicha, O‘zbekiston yetakchisi “ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasini 1 mlrd dollarga oshirish uchun real imkoniyat mavjud”, deya ta’kidlagan. Sadir Japarov hamkasbini yana bir bor Qirg‘izistonga taklif qildi.

“Afg‘onistonning terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarb” — prezident

Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengash sammitida Afg‘oniston masalasiga to‘xtalib o‘tdi. U “Afg‘onistonning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarbligini” aytib o‘tdi.

“32 mamlakatda elektron sigaretalar cheklangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak” — Alisher Qodirov

Milliy tiklanish partiyasi rahbari elektron sigaretalarni cheklash taklifi bilan chiqdi. “32 mamlakatda elektron sigaretalar cheklangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak”, — dedi u. Partiya fraksiyasi a’zolari uni qo‘llab-quvvatladi.

Turkiy Kengash nomi “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb o‘zgartiriladi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb o‘zgartiriladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Yerda kuzatilgan 5 ta eng g‘ayrioddiy tabiat hodisalari

Dunyo bo‘ylab avval kuzatilmagan ayrim tabiat hodisalarining kelib chiqish sabablarini ilm-fan ham tushuntirib berolmaydi. Ularning aksariyati yoki taxminiy hulosalarga, yoki farazlarga asoslanadi. Ayrimlariniki esa haligacha noma’lum. Muzlab qolgan metan pufakchalari, “qonli” yomg‘ir, “o‘lim barmog‘i” va minglab odamlarni o‘ldirgan qora tuman kabi hodisalar haqida “Gazeta.uz” maqolasida.

Piyoda yurishning foydasi nimada?

Muntazam piyoda yurish — qon bosimini me’yorlashtiradi, kayfiyatni va organizmning umumiy holatini yaxshilaydi. Bundan tashqari qon bosimi va xolesterin miqdorini me’yorlashtiradi. Odam kuniga qancha masofa yurishi kerak, yurish vaqti va masofasini qay tartibda oshirib borish zarur? Bu haqda Sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova ma’lumot berdi.