Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Milliy tiklanish partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.

Deputatlarning barchasi qonun loyihasida elektron sigaretalarni taqiqlash bo‘yicha qat’iy cheklov kiritishni taklif qildi, deyiladi partiya xabarida.

«Dunyoning 32 mamlakatida elektron sigaretalar cheklangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak. Mutaxassislar uning genofondga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini aytmoqda», — dedi Alisher Qodirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya ham ushbu masalani muntazam ko‘tarib kelgan.

«Kim nima desa desin, ushbu qonun loyihasiga elektron sigaretalarni qat’iy taqiqlash bo‘yicha cheklov kiritilmas ekan, biz ushbu qonunning qabul qilinishiga qarshi ovoz beraveramiz, — dedi partiya yetakchisi.

Ushbu taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, qonun loyihasi qo‘mitaga qaytarilgan.