Bir guruh migrantlar «Bruzgi» nazorat-o‘tkazish punktidagi tikanli sim to‘siqlarga shikast yetkazib, Belarusdan Polsha hududiga kirdi, deb xabar berdi «RIA Novosti».

Voqea joyidan olingan videoda migrantlar guruhi bir necha o‘nlab kishilardan iborat ekanligini ko‘rish mumkin. Varshava migrantlarga Belarus xavfsizlik kuchlari yordam berganini aytmoqda, biroq Minsk ushbu ma’lumotni rad etdi.

«Migrantlar Belarus tomonida joylashgan Kuznitsadagi chegara punktini kesib o‘tishgan. Ularni Polsha armiyasi, chegara qo‘riqlash xizmati va politsiya xodimlari to‘xtatgan. Guruh to‘siq bo‘ylab yurishni boshlagan», — deyiladi Polsha Mudofaa vazirligi bayonotida.

Chegara o‘tish joyidan olingan qisqa videoda avtomobil trassasiga ko‘ndalang o‘rnatilgan sim to‘siq bo‘ylab bir guruh odamlarning qichqiriqlar bilan shiddatli harakatini ko‘rish mumkin. Polsha huquq-tartibot idoralari buni panjaraning narigi tomonidan kuzatib turishgan. Bir guruh odamlar yo‘lni kesib o‘tib, harakatni davom ettirishgan.

Avval xabar qilinganidek, Afg‘oniston va Iroqdan kelgan bir necha yuz nafar migrant Belarus-Polsha chegarasida qolib, o‘tishni kutmoqda.

Yozda Belarus va Polsha chegaralaridagi Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan G‘arbiy Yevropaga o‘tishga urinayotgan qochqinlar oqimi ko‘paydi. Vaziyat 8 noyabr kuni chegara to‘sig‘i oldiga 2000 ga yaqin odam to‘planishi bilan keskinlashgan.

Polsha xavfsizlik kuchlari chegarani kesib o‘tishga bir necha urinishlarni oldini olishgan, jumladan, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida ham. Noqonuniy migrantlar esa o‘z lagerlarini tashkil qilishgan.

Vilnyus, Riga va Varshava sodir bo‘layotgan voqealarda belaruslarni ayblamoqda, Minsk barcha ayblovlarni rad etdi. Lukashenkoning ta’kidlashicha, mamlakat endi odamlar oqimini to‘xtata olmaydi: G‘arb sanksiyalari tufayli «buning uchun na pul, na kuch bor».