Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov va fuqaro o‘rtasida o‘zaro tortishuv yuzaga kelganligi va hokim fuqaroga nisbatan uni hadeb bezovta qilmasligini aytib, haqoratli so‘zlar ishlatilganligi aytilgan audio tarqaldi.

Holat yuzasidan viloyat hokimligi axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimligi tomonidan holat o‘rganilganda audioyozuv haqiqatdan ham Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovga tegishli ekanligi o‘z tasdig‘ini topgan.

Shuningdek, fuqaro tomonidan aytilayotgan ijara haqqi va uyini tiklash to‘g‘risidagi holat yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan.

O‘rganish davomida fuqaro O.N. istiqomat qiladigan Alisher Navoiy shox ko‘chasi 57-sonli ikki qavatli uyi «snos»ga tushganligi, hozirgi kunda «Sulton house» MCHJ qurilish firmasi tomonidan shu joyga ko‘p qavatli uy-joy majmuasini qurish ishlari olib borilayotganligi sababli fuqaro O.N. ijaraga chiqarilib, unga ijara pullari doimiy ravishda to‘lab kelinayotganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, fuqaro O.N. Andijon shahar hokimiga doimiy ravishda 10−15 marotabadan telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirganligi aytildi. Viloyat hokimligining ta’kidlashicha, O.N. 2 xonali 52 kv metrdan iborat bo‘lgan xonadon o‘rniga «Sulton house» MCHJdan shahar markazidan 400 kv metrdan iborat bo‘lgan uy-joy va Gentra avtomobili undirib berishini aytib, shahar hokimini doimiy obro‘sizlantirib kelgan.

O‘rganish davomida O.N.ning buzilishi kutilayotgan xonadonga nisbatan egalik huquqi mavjud emasligi, uy-joy uning onasining nomida ekanligi ma’lum bo‘ldi. «Sulton house» MCHJ qurilish firmasi hamda fuqaro O.N.ning onasi o‘rtasida yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon ajratib berish haqida kelishuvga erishilgan.

«Bugungi kun holatiga fuqaro O.N.ning onasi (uyning asl egasi)ga ijara uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan pullar to‘laligicha to‘lab berilgan», — deyiladi xabarda.

Andijon shahar hokimining fuqaro bilan muloqoti davomida ishlatgan haqoratli so‘zlari uchun viloyat hokimligi tomonidan alohida huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.