YouTube videoxostingi 10 noyabrdan boshlab videolar ostidagi «dizlayk"lar sonini bosqichma-bosqich yashira boshladi, deyiladi servis xabarida. Shu bilan birga dizlayklar tugmasi portalda qoladi.

Qaror shu yil boshida o‘tkazilgan tajriba natijasida qabul qilingan. Unga ko‘ra, foydalanuvchilar videoga berilgan salbiy baholar sonini ko‘rmasalar, ularning dizlayk tugmasini bosish ehtimoli kamroq bo‘ladi.

YouTube xabarida ta’kidlanishicha, ayniqsa yangi kontent mualliflari va kichik auditoriyaga ega kanal yaratuvchilari juda ko‘p dizlaylaklarga duch kelishadi. Eksperimentdan maqsad hisoblagichni yashirish orqali videolar mualliflarini odamlar ataylab minus qo‘yadigan «dizlayk hujumlari»dan himoya qilishning iloji bo‘lishi yoki yo‘qligini tushunish bo‘lgan.

Shuningdek, kanal yaratuvchilari o‘z videolarining muvaffaqiyatini baholash uchun YouTube Studio`da dizlayklar sonini ko‘rishda davom etadilar.

«Biz mualliflar o‘zlarini namoyon etib, muvaffaqiyatga erishishi va o‘zlarini xavfsiz his qilishlari uchun inklyuziv va o‘zaro hurmat ta’minlangan muhitni yaratishga intilamiz. Bu mualliflarni hujumlardan himoya qilishimiz uchun amalga oshirayotgan ko‘pgina qadamlarimizdan biri, xolos», — deyiladi YouTube xabarida.