YUNESKOning amaldagi rahbari Odri Azule tashkilot bosh direktori etib qayta saylandi, deb xabar qildi BMT matbuot xizmati. U 169 ovozdan 155 tasini oldi.

«Bu natijani tashkilotimizda birdamlik tiklanganidan dalolat deb bilaman. So‘nggi to‘rt yil ichida biz YUNESKOga bo‘lgan ishonchni qayta tiklay oldik va bu ko‘p jihatdan tashkilotning o‘ziga bo‘lgan ishonchini tiklashga yordam berdi», dedi Odri Azule.

COVID-19 pandemiyasi davrida YUNESKO 112 mamlakatda umrbod ta’limni ta’minlash uchun Global ta’lim koaliwiyasini tuzdi. 2020 yil avgust oyida Bayrut portida yuz bergan ikki portlashdan so‘ng tashkilot Livan poytaxtidagi 90 ga yaqin maktabni qayta tikladi.

So‘nggi to‘rt yil ichida YUNESKO o‘z faolligini oshirdi, bu tashkilot budjeti konsolidatsiyasida ham o‘z aksini topmoqda. Ikki asosiy komponent — davlatlarning majburiy badallari va ixtiyoriy badallar — 2020−2021 yillarda 1,4 mlrd dollarni tashkil etadi. 2017−2021 yillarda ixtiyoriy badallar avvalgi to‘rt yilga nisbatan 50 foizga oshdi.

Odri Azule 2019 yilda O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurdi. U prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatning madaniy merosni tiklash salohiyatini muhokama qildi, Samarqandda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini ochib berdi, shuningdek, Buxoroga tashrif buyurdi.