Pandemiya davrida Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklarni mamlakatga kelishi uchun 5 ta maxsus poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 483-sonli yo‘lovchi poyezdi «Voljskiy-Toshkent» yo‘nalishida harakat qiladi. Ular 15, 19, 22, 26, 29 noyabr kunlari soat 20:57 da «Voljskiy-Toshkent» yo‘nalishida harakatini amalga oshiradi.

Qayd etilishicha, ushbu poyezdlarga faqat bir tomonga, ya’ni «Voljskiy-Toshkent» yo‘nalishiga chiptalar sotiladi. Chiptalarni elektron tarzda ham sotish yo‘lga qo‘yilgan.

«Rossiyadagi yurtdoshlarimizning yaqinlari O‘zbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi bilan „O‘zbekiston temir yo‘llari“ aksiyadorlik jamiyati veb-sayti orqali ye-ticket.railway.uz dan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, jo‘natishlari ham mumkin», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni Toshkent shahrida 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma’lumotlar byurosidan olish mumkin.