2022 yil uchun soliq siyosatini takomillashtirish doirasida budjetnomada qator o‘zgarishlar ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 2022 yil uchun davlat budjeti qonuni loyihasi va budjetnoma bo‘yicha Hisob palatasining xulosasida ma’lum qilindi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i

Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha amaldagi soliq stavkasi 15 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda.

Hisob palatasi xulosasiga ko‘ra, QQS zanjirining uzluksizligini ta’minlash va uning hisoblab chiqarish va to‘lashdan bo‘yin tovlashning oldini olish maqsadida tushum hajmidan qat’i nazar quyidagilar hisobiga QQS to‘lovchi korxonalar toifasi kengaytirilmoqda:

  • a) sug‘oriladigan yerlari 25 gektardan ortiq bo‘lgan fermer xo‘jaliklari;
  • b) soliq maslahatchilari tashkilotlari va auditorlik tashkilotlari;
  • v) notijorat, shu jumladan budjet tashkilotlari.

Soliq kodeksi bilan berilgan jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari xizmatlari (bundan budjetdan moliyalashtiriladigan mustasno), shuningdek, sport inshootlari, ommaviy-madaniy tadbirlarni tashkil etishdan daromadlar qismida hamda qat’iy summada ko‘rsatiladigan bank xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinmoqda.

Ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 25,5 trln so‘m (YAIMga nisbatan 3,5%) tushum kutilayotgani hisob-kitob qilinib, tasdiqlangan 29,3 trln so‘mlik prognozga nisbatan 3,8 trln so‘m kam mablag‘ tushishi kutilmoqda.

Prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilmasligiga pandemiya sharoitida aksariyat korxonalarning faoliyat yuritmaganligi hamda pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish bo‘yicha joriy yilda chiqarilgan farmon va qarorlar bilan berilgan imtiyoz va yengilliklar salbiy ta’sir qilgan.

budjetnomaga muvofiq, QQS bo‘yicha tushumlar 2022 yil uchun joriy yilda kutilayotgan tushumga nisbatan 124,2 foiz o‘sish bilan 31,7 trln so‘m (YAIMga nisbatan 3,8%) tushum prognoz qilingan.

Aksiz solig‘i

Aksiz solig‘i stavkalari 2022 yil 1 iyundan o‘rtacha 10 foizga oshishi kutilmoqda.

Tamaki mahsulotlari importiga aksiz solig‘i stavkasi 2022 yil 1 yanvardan 10 foizga, alkogol mahsulotlari importiga 2022 yil 1 iyundan 10 foizga pasaytirilmoqda. 2022 yil 1 yanvardan alohida turdagi tamaki mahsulotlariga (chilim uchun tamaki, chekiladigan, o‘rama tamaki, qizdiriladigan tamaki, nikotinli tamakisiz snyus, tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan suyuqlik) importiga aksiz solig‘i stavkasi 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

Respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan benzin uchun yagona soliq stavkasi belgilanmoqda. Suyultirilgan gazga aksiz solig‘i stavkasi bekor qilinmoqda (amalda 30 foiz). Polietilen granulalariga aksiz solig‘i stavkasi 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirilishi belgilanmoqda, shuningdek, polietilen granulalar importida ham aksiz solig‘i joriy qilinmoqda.

Ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 12,6 trln so‘m (YAIMga nisbatan 1,8%) tushum kutilayotganligi hisob-kitob qilinib, tasdiqlangan 11,2 trln so‘mlik prognoz 112 foizga bajarilishi yoki prognozga nisbatan 1,4 trln so‘m ko‘p mablag‘ tushishi kutilmoqda. budjetnomaga muvofiq, aksiz solig‘i bo‘yicha 2022 yil uchun joriy yilda kutilayotgan tushumga nisbatan 13 foiz o‘sish bilan 14,3 trln so‘m (YAIMga nisbatan 1,7%) tushum prognoz qilingan.

Foyda solig‘i

Foyda solig‘i stavkasini 15 foiz miqdorida va dividendlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha soliq stavkasi 5 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, amortizatsiyaning yillik eng yuqori normasini quyidagicha belgilash taklif qilinmoqda, jumladan:

  • binolar uchun 3 foizdan 5 foizgacha;
  • inshootlar uchun 5 foizdan 10 foizgacha;
  • uzatish qurilmalari, kuch mashinalari va asbob uskunalari uchun 8 foizdan 15 foizgacha;
  • faoliyat turlari bo‘yicha ish mashinalari va asbob-uskunalar uchun 15 foizdan 20 foizgacha;
  • kompyuter, ma’lumotlarni qayta ishlash uskunalari uchun 20 foizdan 40 foizgacha oshirilmoqda.

Yangi texnologik uskunalar uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga investitsiyaviy chegirma miqdorini 10 foizdan 20 foizgacha, ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirish uchun esa 5 foizdan 10 foizgacha oshirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK va «Olmaliq konmetallurgiya kombinati» AJ uchun soliq solish bazasining, tovar (ish, xizmat)larni realizatsiya qilishdan tushgan tushumni 15 foiziga teng miqdordan oshgan qismi uchun qo‘llanilgan oshirilgan foyda solig‘i stavkasini amaldagi 75 foizdan 70 foizga pasaytirish belgilanmoqda.

Foyda solig‘i bo‘yicha faoliyat natijasida ko‘rilgan zararlarni soliq davridan keyin o‘n yil mobaynida kelgusiga o‘tkazish tartibini saqlab qolgan holda, joriy soliq davri soliq bazasining 60 foizidan oshib ketmaslik bo‘yicha talab bekor qilinmoqda.

Ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 38,7 trln so‘m (YAIMga nisbatan 5,4%) tushum kutilayotganligi hisob-kitob qilinib, tasdiqlangan 27,8 trln so‘mlik prognoz 139 foizga bajarilishi yoki prognozga nisbatan 10,9 trln so‘m ko‘p mablag‘ tushishi kutilmoqda.

Prognoz ko‘rsatkichlarini ortiqcha bajarilishiga joriy yil uchun prognoz qilingan tushumga nisbatan «Navoiy KMK» DK va «Olmaliq KMK» AJdan jami 8,2 trln so‘m ko‘p tushum tushishi ijobiy ta’sir qilmoqda.

budjetnomaga muvofiq foyda solig‘i bo‘yicha 2022 yil uchun joriy yilda kutilayotgan tushumga nisbatan 7 foiz o‘sish bilan 41,4 trln so‘m (YAIMga nisbatan 4,9%) tushum prognoz qilingan. Shundan, yirik soliq to‘lovchilar hisoblangan «Navoiy KMK» DK va «Olmaliq KMK» AJ tomonidan 26,4 trln so‘m (3,1%) hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari hisobiga 15,0 trln so‘m (1,8%) to‘g‘ri kelmoqda.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 12 foiz miqdorida va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan daromadlaridan fuqarolarning SHJBPH o‘tkaziladigan ajratmalari miqdorini 0,1 foizi miqdorida saqlab qolinmoqda.

Ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 18,5 trln so‘m (YAIMga nisbatan 2,6%) tushum kutilayotganligi hisob-kitob qilinib, tasdiqlangan 16,9 trln so‘mlik prognozga nisbatan 1,6 trln so‘m ko‘p mablag‘ tushishi kutilmoqda. budjetnomaga muvofiq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 2022 yil uchun joriy yilda kutilayotgan tushumga nisbatan 16 foiz o‘sish bilan 21,5 trln so‘m (YAIMga nisbatan 2,6%) tushum prognoz qilingan.

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 oktabrdagi Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, yer qa’ridan foydalanuvchilarni soliqqa tortishda quyidagi o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Yer qa’ridan foydalanuvchilarning kapital xarajatlarini hisobga olgan holda yangi konlarda neft, tabiiy gaz, gaz kondensati, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallarni qazib olish (ajratib olish)ni amalga oshiruvchi yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun renta daromadi solig‘i joriy etilmoqda.

Renta daromad solig‘i investitsiya kiritilganda, metallar yoki uglevodorod xom ashyosini realizatsiya qilishdan olingan daromad va ularni qazib olish (ajratib olish) bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xarajatlar chegirilgan holda (uch yildan keyin) to‘lanadi.

Yangi neft va gaz quduqlarini, sanoat usulida foydalanishga topshirilgan oydan boshlab, dastlabki ikki yil davomida mol-mulk solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi, keyingi uch yilda ushbu soliq uchun belgilangan soliq stavkasining 50 foiziga kamaytirilgan stavka qo‘llaniladi.

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10 foizgacha (amalda neft 20 foiz, tabiiy gaz 30 foiz), oltin va mis uchun 7 foizgacha (amalda oltin 10 foiz, mis 10 foiz), volfram konsentrati uchun 2,7 foizgacha (amalda 10,4 foiz) va uran uchun 8 foizgacha (amalda 10 foiz) kamaytirilmoqda. Bunda, davlat ulushiga ega korxonalar NKMK, OKMK va O‘zbekneftgaz uchun amaldagi soliq stavkalari saqlab qolinishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan boshlab sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 1 tonna ohaktosh uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun 14 soliqning stavkasini ikki baravarga kamaytirgan holda 22 500 so‘m/tn (amalda 45 000 so‘m/tn) miqdorida belgilanmoqda, deyiladi Hisob palatasi xulosasi ma’lumotlarida.

Ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 15,7 trln so‘m (YAIMga nisbatan 2,2%) tushum kutilayotganligi hisob-kitob qilinib, tasdiqlangan 13,6 trln so‘mlik prognoz 116 foizga bajarilishi yoki prognozga nisbatan 2,1 trln so‘m ko‘p mablag‘ tushishi kutilmoqda. budjetnomaga muvofiq yer qa’ridan foydalanganlik uchun solig‘i bo‘yicha 2022 yil uchun joriy yilda kutilayotgan tushumga nisbatan 6,7 foiz o‘sish bilan 16,8 trln so‘m (YAIMga nisbatan 2,0%) tushum prognoz qilingan.

Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq

Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun belgilangan stavkalardan tashqari) stavkalarini inflyatsiya darajasida 1,1 baravarga iqtisodiyotning barcha tarmoqlari korxonalari (sanoat korxonalari, elektr stansiyalari va kommunal xo‘jaligi bundan mustasno) va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa — 1,3 baravarga indeksatsiya qilinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun belgilangan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 40 so‘m, shu jumladan soliq stavkasiga suv yetkazib beruvchilar tomonidan yetkazib berilgan suv hajmi xarajatlarini qoplash uchun 1,05 koeffitsiyent qo‘llash tartibi saqlab qolinmoqda.

Moliya vazirligi tomonidan ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 688 mlrd so‘m tushum kutilayotganligi hisob-kitob qilingan va 2022 yil uchun 130,8 foiz o‘sish bilan 900 mlrd so‘m tushum prognoz qilingan.

Mol-mulk solig‘i

Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi amaldagi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytirilmoqda. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan pasaytirilgan soliq stavkasi 0,4 foizdan 0,5 foizga o‘zgartirilmoqda. Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i stavkalari 10 foizga oshishi rejalashtirilmoqda.

Soliq solish maqsadida binolar bo‘yicha soliq bazasi quyidagi miqdorlarda 1 kvadrat metr uchun mutlaq qiymatda belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emasligi joriy etilmoqda. Bunda, Toshkent shahrida — ikki million besh yuz ming so‘m, Nukus shahri va viloyat markazlarida — bir million besh yuz ming so‘m va qolgan hududlarda — bir million so‘m etib belgilanmoqda.

Ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 2 548,0 mlrd so‘m (YAIMga nisbatan 0,4%) tushum kutilayotganligi hisob-kitob qilinib, tasdiqlangan 2 trln 510 mlrd so‘mlik prognozga nisbatan 38,0 mlrd so‘m ko‘p mablag‘ tushishi kutilmoqda.

budjetnomaga muvofiq mol-mulk solig‘i bo‘yicha 2022 yil uchun joriy yilda kutilayotgan tushumga nisbatan 9,5 foiz o‘sish bilan 2 trln 792 mlrd so‘m (YAIMga nisbatan 0,33%) tushum prognoz qilingan.

Yer solig‘i

Yuridik shaxslardan olinadigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer solig‘ining bazaviy stavkalari o‘rtacha 1,07 baravarga oshishi kutilmoqda. Yuridik shaxslardan olinadigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer solig‘i stavkalariga qo‘llaniladigan pasaytiruvchi 0,25 koeffitsiyent 0,3 etib belgilanmoqda.

Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalarini o‘rtacha 1,07 baravarga oshishi kutilmoqda. Qishloq xo‘jaligi korxonalari yer solig‘i qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining normativ qiymatiga nisbatan belgilangan 0,95 foiz soliq stavkasi saqlab qolinmoqda.

Ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 3 trln 617 mlrd so‘m (YAIMga nisbatan 0,5%) tushum kutilayotganligi hisob-kitob qilinib, tasdiqlangan 2 trln 941 mlrd so‘mlik prognozga nisbatan 676 mlrd so‘m ko‘p mablag‘ tushishi kutilmoqda.

budjetnomaga muvofiq, yer solig‘i bo‘yicha 2022 yil uchun joriy yilda kutilayotgan tushumga nisbatan 6,3 foiz o‘sish bilan 3 845,0 mlrd so‘m (YAIMga nisbatan 0,5%) tushum prognoz qilingan.

Ijtimoiy soliq

Ijtimoiy soliq stavkasi budjet tashkilotlari uchun 25 foiz, boshqa soliq to‘lovchilar uchun 12 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda.

Aylanmadan olinadigan soliq

Aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkalari 2021 yil darajasida (4 foiz) saqlab qolinmoqda.

Ushbu soliq turi bo‘yicha 2021 yilda 1 758 mlrd so‘m (YAIMga nisbatan 0,2%) tushum kutilayotganligi hisob-kitob qilinib, tasdiqlangan 2 160 mlrd so‘mlik prognozga nisbatan 402 mlrd so‘m kam mablag‘ tushishi kutilmoqda. budjetnomaga muvofiq aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha 2022 yil uchun joriy yilda kutilayotgan tushumga nisbatan 1,5 barobarga oshgan holda 2 728 mlrd so‘m (YAIMga nisbatan 0,3%) tushum prognoz qilingan.