O‘zbekistonda Skeyt sport turi bo‘yicha yangi assotsiyatsiya tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 9 noyabr kuni Toshkentda assotsiatsiyani ta’sis etish bo‘yicha konferensiyada ma’lum qilindi, deb xabar berdi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

Anjuman doirasida «Skeyt O‘zbekiston» assotsiatsiyasi nomi bilan yangi sport tashkilotini tuzish, uning nizomini tasdiqlash hamda assotsiatsiya o‘rinbosarlari va bosh kotibini saylash masalalari ko‘rib chiqilgan.

Yig‘ilishda «Skeyt O‘zbekiston» assotsiatsiyasi raisi etib, bir ovozdan Aziz Ahmedov hamda bosh kotib lavozimiga Kamol Usmonov saylandi.

Hozirda jahonning «World Skate» assotsiatsiyasi bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu sport turini O‘zbekistonda rivojlantirish hamda sportchilarni nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi va ishtirok etishi uchun muzokaralar olib borilmoqda.

«Skeyt O‘zbekiston» assotsiatsiyasi quyidagi sport turlarini o‘z ichiga oladi:

  • skeytbording;
  • rollerda konkida uchish;
  • rollerda figurali uchish;
  • rollerda yuqori tezlik;
  • rolikli konkida erkin uslub, shuningdek, erkin slalom;
  • rollerda xokkey;
  • roller derbi;
  • skuter, shuningdek, erkin skuter.

Mazkur sport turlari jahonning «World Skate» assotsiatsiyasi tarkibiga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda 160 dan ortiq davlatda federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyat olib bormoqda.

Skeytbordingning vatani AQSh hisoblanib, hozirda «American Sports Data» ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 23 milliondan ortiq yoshlar skeytbording va roller sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.

2021 yilda skeytbordingning ikki yo‘nalish bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu sport turi 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan.

Shuningdek, o‘zbekistonlik skeytbordchilar uchun Parij-2024 olimpiadasiga 12 ta litsenziya olish imkoniyati mavjud, deyiladi xabarda.