2022 yilda YAIM o‘sish sur’ati 5,9 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda 2022 yil uchun davlat budjeti yuzasidan Hisob palatasi xulosasida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda YAIM hajmi qariyb 840 trln so‘mni (74,2 mlrd dollar) tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda. Aholi jon boshiga YAIM 23,8 mln so‘m (2,1 ming dollar) miqdorida shakllanishi rejalashtirilgan. 2020 yilda YAIM hajmi 580,2 trln so‘mni tashkil qilgan edi. Joriy yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, YAIM joriy narxlarda 519,8 trln so‘mni tashkil etdi.
2022 yilda YAIM o‘sish sur’atini 5,9 foizga yetkazish va 2023 yilda 6,2 foiz, 2024 yilda 6,6 foiz o‘sishga erishish rejalashtirilgan. 2021 yil yakuni bo‘yicha esa mamlakat YAIM o‘sishi 6,5−7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
2022 yilda YAIM tarkibida qo‘shilgan qiymat 92,6 foiz hamda mahsulotlar va eksport-import operatsiyalari hisobidan olingan sof soliqlar tushumi 7,4 foiz tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yilda asosiy tarmoqlar kesimida YAIM tarkibi quyidagicha shakllanadi:
- sanoat — 217,7 trln so‘m;
- qishloq xo‘jaligi — 207,6 trln so‘m;
- qurilish — 52,5 trln so‘m;
- xizmatlar sohasi — 300,3 trln so‘m.
«Gazeta.uz» tomonidan tayyorlangan.
Asosiy tarmoqlarda kutilayotgan real o‘sish miqdori:
- qurilish — 8,1 foiz;
- sanoat — 7,0 foiz;
- xizmatlar sohasi — 6,5 foiz;
- qishloq xo‘jaligi — 3,1 foiz.
Shuningdek, mahsulotlar va eksport-import operatsiyalari hisobidan olingan sof soliqlar tushumi o‘sishi 7,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
2022 yilda tashqi savdo aylanmasi 46,3 mlrd dollarni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Shundan:
- eksport — 20,2 mlrd dollar;
- import — 26,1 mlrd dollar.
«Eksport hajmi 2021 yilga nisbatan 19,0 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulotning 27,2 foiziga, import hajmi esa 9,5 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulotning 35,2 foiziga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda», — deyiladi Hisob palatasi xulosasida.
Prognozga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasi saldosi 5,9 mlrd dollar miqdorida salbiy balans bilan yakunlanadi.
2021 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 28,2 mlrd dollarni tashkil etgan edi. Joriy yilda tashqi savdo aylanmasida import hajmi eksport hajmiga qaraganda yirikroq hajmda o‘sishi kuzatilmoqda. Yanvar-sentabr holatiga tashqi savdo salbiy saldosi 7,6 mlrd dollarni tashkil etgan.
O‘rta istiqbolda mamlakatda inflyatsiya darajasini bosqichma-bosqich pasaytirib borish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, inflyatsiya darajasi 2021 yilda 10 foiz va 2022 yilda 9,0 foiz atrofida bo‘lishi prognoz kutilmoqda.
2022 yil uchun davlat budjeti yuzasidan Hisob palatasi xulosasidan.
Shuningdek, 2022 yilda energiya resurslari tariflari indeksatsiya qilinishi (oshishi) ko‘zda tutilmoqda. Energiya resurslari tarif narxlarining 2022 yilda keskin oshirilishi fonida, inflyatsiya darajasining o‘tgan yilga nisbatan pasayishini ta’minlash uchun boshqa iste’mol tovar va xizmatlar narxlari o‘sish sur’atlarini sezilarli darajada pasaytirish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan. Jumladan, tegishli davlat mutasaddi tashkilotlariga iste’mol tarkibida yuqori vaznga ega oziq-ovqat, nooziq-ovqat tovarlari va boshqa xizmatlar narxlarining barqarorligi ta’minlash tavsiya etilgan.