O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni «Paxta xomashyosini yetishtirish va uning yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2022 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtirishni va paxta yig‘im-terimini Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan moliyalashtirish paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma resurslari hisobidan quyidagilar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi:

  • paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta yetishtirish uchun — paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 24 oyga, shu jumladan, 18 oylik imtiyozli davr va 19-oydan boshlab so‘nggi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;
  • Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta xomashyosi yetishtirish uchun — paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 14 oyga;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta yig‘im-terimini moliyalashtirish uchun — paxta xomashyosi qiymatining 20 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oyga, shu jumladan, 3 oylik imtiyozli davr bilan.

Paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta xomashyosi xaridi bo‘yicha yakuniy hisob-kitob uchun 12 oygacha muddatga milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya to‘lanadi. Bunda, yakuniy hisob-kitob uchun ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha kompensatsiya xarajatlari respublika budjetidan moliyalashtiriladi.

2023 yil hosilidan boshlab paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklarining paxta hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tegishli hosil yili uchun oldingi yilning 1 oktabridan boshlanadi.

Paxta xomashyosini yetishtirish maqsadida paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratilgan imtiyozli kreditlar paxta xomashyosi yetishtirish bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni moliyalashtirish uchun fermer xo‘jaliklariga yo‘naltiriladi, bundan paxta-to‘qimachilik klasterlariga ular tomonidan ijaraga olingan qishloq xo‘jaligi yerlarida paxta xomashyosini yetishtirish uchun ajratilgan kreditlar mustasno.

Hujjatga asosan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklariga paxta xomashyosi yetishtirish uchun oldindan to‘lov pul shaklida amalga oshiriladi. Bunda, oldindan to‘lovni natura shaklida amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarorga muvofiq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, texnika va texnika xizmatlariga (o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalaridan tashqari) oid masalalar, shu jumladan, ularni import qilishni mustaqil hal qilinadi, bunga har qanday tarzda aralashish taqiqlanadi.

Paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlariga 2021 yil hosili uchun paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlar 2022 yil sentabr oyidan boshlab 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarilishi belgilandi.Bunda, Jamg‘arma hisobidan ushbu maqsadlar uchun tijorat banklariga ajratilgan resurslarni qaytarish imtiyozli kreditlarni qaytarish muddatiga mutanosib ravishda uzaytiriladi.