Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayevning 311 mln so‘mlik Captiva avtomashinasi YTHga uchradi. Bu haqda “Nasafnews” xabar bermoqda.

Hokimning matbuot kotibi Sherzod Hasanovning “Nasafnews"ga ma’lum qilishicha, hodisa 7 noyabr kuni sodir bo‘lgan.

“Avtomashina ichida dam olish kuni bo‘lgani uchun tuman hokimi bo‘lmagan. Yo‘ldan harakatlanayotgan hokimning haydovchisi boshqa mashinaga yo‘l beraman deb yo‘lning yoqasiga rulni burgan va pastlikka tushib ketgan. Hech kimga jiddiy jarohat yetmagan”, — deya qo‘shimcha qiladi Sherzod Hasanov.

YTHga guvohlarning Daryo`ga aytishicha, “YTH tuman markazidagi „Al-Kamol“ savdo markazi ro‘parasida sodir bo‘lgan”.

“Haydovchi tez harakatlanib kelgan va boshqaruvni yo‘qotgan. Mashina daraxtga „osilib qolgan“”, — deydi voqea guvohi.

Captiva xizmat mashinasi sotib olinishiga qarshi chiqqan deputat. Foto: Elmurodbloger / Telegram.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, avariyaga uchragan 311 mln so‘mlik Captiva xarid qilinishidan avval ko‘plab mojarolarga sabab bo‘lgan. Xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasida ko‘rib chiqilgan mazkur xarid masalasi 25 nafar deputatning 24 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, bir nafar deputat mazkur mashinaning sotib olinishiga qarshi chiqib, 311 mln so‘m pulni muhtojlarga sarf qilish takflini bergan.

“Gazeta.uz” yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Koson tumanida hokimga tegishli Saptiva avtomashinasi yo‘ldan o‘tayotgan fuqaroni urib yuborgani haqida yozgan edi. YTH oqibatida fuqaro og‘ir tan jarohatlaridan voqea joyida vafot etgan.