Suv tanqisligi tufayli GESlarda ishlab chiqarish hajmi qariyb 25 foizga kamaygan

O‘zbekistonda suv sathining pastligi tufayli gidroelektr stansiyalari unumdorligi 23 foizga kamaydi, bu esa mamlakatning ayrim hududlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlarga olib keldi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.

Singapurda emlanishdan bosh tortgan koronavirus bemorlariga tibbiy xizmatlar pulli bo‘ladi

Singapur o‘z xohishi bilan COVID-19`ga qarshi emlanishdan bosh tortganlarga virusni davolash bilan bog‘lik tibbiy to‘lovlarni to‘lashni to‘xtatadi. Mamlakatda hozirda emlanmagan odamlar intensiv statsionar yordamga muhtoj bo‘lganlarning aksariyatini tashkil qilmoqda.

Kelgusi 5 yilda oliy toifali o‘qituvchi va shifokorlar maoshi ming dollarga yetkaziladi — prezident

2025 yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi nutqida. 2020 yilda xalq ta’limi tizimida 13407 nafar oliy toifali o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatayotgan edi, bu umumiy o‘qituvchilar sonining 2,8 foizdan kamini tashkil etadi. E’lon qilingan ko‘rsatkichga erishish uchun ularning ish haqini qariyb 3,5 barobarga oshirish kerak.

Aziz Abduhakimov BMTning Glazgoda bo‘lib o‘tgan iqlim bo‘yicha sammitida nutq so‘zladi

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi jarayonlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyor, dedi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Glazgoda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sammitida so‘zlagan nutqida.

Bosh prokuratura ish vaqtida vafot etgan xodimi bo‘yicha tegishli idoralarga xabar bermagan — Davlat mehnat inspeksiyasi

Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura ish vaqtida vafot etgan xodimi bo‘yicha Mehnat vazirligi va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga tegishli tartibda xabar bermaganligini ma’lum qildi. Oldinroq marhum xodimning otasi qonunda belgilangan nafaqa pullari to‘lab berilmagani sababli Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qilgandi. Biroq, FIB Mirobod tuman sudi da’vo arizasini rad qilgan.

“O‘zbekneftgaz” $700 mln miqdorida debyut yevroobligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi

“O‘zbekneftgaz” AJ o‘z tarixida ilk bor London fond birjasida 700 mln AQSh dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalarini 7 yil muddatga 4,75% stavkada muvaffaqiyatli joylashtirdi. Xalqaro obligatsiyalar 120 dan ortiq Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Yevropa xamda Osiyo mamlakatlari investorlari orasida taqsimlanganligi aytilmoqda.

2022 yilda 1hls.uz platformasiga 60 mlrd so‘m ajratiladi — prezident

Shavkat Mirziyoyev Moliya vazirligiga 2022 yilda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini (1hls.uz) yanada ommalashtirish uchun qo‘shimcha 60 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur platformadan foydalanuvchilar bugungi kunda 600 ming nafarga yetdi, ularga piyoda yurgani uchun 18 mlrd so‘m to‘lab berildi.

12 ta tuman hokimlari ko‘chat ekishni boshlamagani uchun ogohlantirish oldi — prezident

Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” dasturi bo‘yicha ko‘chat ekish ishlari haligacha boshlanmagani uchun Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Tomdi, Do‘stlik, Arnasoy, Forish, Yangiariq, Sherobod, Termiz, Muzrabot, G‘uzor, Kitob tumanlari hokimlari qat’iy ogohlantirilganini ma’lum qildi.

Sobiq profilaktika inspektori Quva tuman IIB rahbariyati ustidan IIVga shikoyat qildi

Sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonov Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari ustidan shikoyat qilib, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga videomurojaat yo‘lladi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari profilaktika inspektorlaridan har kuni 55 ming so‘mlik “o‘rta fond” undirayotgani, kunlik majburiy reja joriy qilgani va xodimlarni haqoratlab, shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatayotgani aytilmoqda.

Yakkabog‘ hokimining Captiva`si YTHga uchradi. Avvalroq deputat mashina xarid qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berishni taklif qilgandi

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimining Captiva xizmat mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda tuman rahbari mashinada bo‘lmagan. May oyida 25 nafar tuman deputatidan 24 nafari 311 mln so‘mga avtomobil sotib olishni ma’qullagan. Kengashning faqat bir vakili ushbu xaridga qarshi chiqqan va shu pulni muxtojlarga tarqatishni taklif qilgan.

Sabzi narxlari 4−5 barobargacha arzonlashdi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Noyabr oyida sabzining narxi 2021 yil iyun oyi bilan taqqoslaganda 4−5 barobargacha arzonlashdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligining prognozlariga ko‘ra, narxlar 2022 yil bahori — kutiladigan yangi hosilga qadar shu darajada saqlanib qoladi.

“Faqat ichki bozorga yo‘naltirilgan mahalliylashtirishdan ma’no yo‘q” — Shuhrat Vafoyev

Germaniyada bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekistonda mahalliylashtirish va o‘zbek konteyner kranlarining sifati masalasi ko‘tarildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev faqat ichki bozorga yo‘naltirilgan mahalliylashtirish haqida gapirishdan ma’no yo‘q ekanligini tan oldi. “Biz bunga o‘zimizning achchiq tajribamizdan ham, o‘sha paytda import o‘rnini bosish bilan shug‘ullangan boshqa Lotin Amerikasi davlatlarining tajribasidan ham amin bo‘ldik”, — dedi u.

O‘zbekiston xom ashyo manbasi bo‘lib qolmoqchi emas — Shuxrat Vafayev

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuxrat Vafayev Germaniyadagi anjumanda “O‘zbekistonning ambitsiyalari xom ashyo manbasi bo‘lib qolishdan ko‘ra kengroq” ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat global yetkazib berish zanjirlarida yuzaga kelgan bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun ishlab chiqarish va qayta ishlashning bir qismini o‘ziga olishi mumkin.

Viloyatlarda moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburan mahallada “hokim yordamchisi” lavozimiga o‘tkazilayotgani aytilmoqda

Respublika bo‘ylab barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburlab o‘tkazilayotgani aytilmoqda. Murojaatchilarning so‘zlariga qaraganda, ular ushbu lavozimga o‘tishni rad etsa, “prezidentga xiyonat” qilayotganlikda ayblanib, ishdan bo‘shatilishi bilan qo‘rqitilmoqda. Suhbatga kelmaganlar esa ichki ishlar organlari tomonidan majburan olib ketilayotgani ma’lum qilindi. Avvalroq, saylovoldi tashviqoti davrida Shavkat Mirziyoyev “hokim yordamchisi” lavozimiga yoshlar orasidan nomzodlar tanlab olinishini aytgandi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqola va fotomateriallar:

Chang bo‘ronlari qanday paydo bo‘ladi, ular qanchalik xavfli va mutasaddilar qanday chora ko‘rishlari zarur?

Qum va chang bo‘ronlari qanday paydo bo‘ladi? Ular atrof-muhit, inson salomatligi va iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Qanday ehtiyot choralariga amal qilish zarur va mutasaddilardan qanday choralarni ko‘rish talab etiladi? “Gazeta.uz” JMT, UNEP, JSST va boshqa tashkilotlar ma’lumotlari asosida mavzu yuzasidan sharh tayyorladi.

Foto: Toshkentda kuz

Toshkentda oltin kuz fasli o‘z nihoyasiga yetmoqda. oktabr va noyabr oylarining rang-barang manzaralari — “Gazeta.uz” fotojamlanmasida.