Prezident Shavkat Mirziyoyev shanba kuni inauguratsiya marosimidagi nutqida o‘qituvchilar va shifokorlar oylik maoshini oshirish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

«Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak», — dedi davlat rahbari.

Prezident oliy toifali o‘qituvchilar oylik maoshi ming dollarga yetkazilishini ma’lum qildi.

«Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025 yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi», — dedi prezident.

Bundan tashqari, Taraqqiyot strategisida xalq salomatligini ta’minlash bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

«Ushbu sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni 2 barobar oshirish, jumladan, kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda», — deya ma’lum qildi davlat rahbari.

«Asosiy maqsad — tibbiyot sohasini chinakamiga xalq dardiga darmon bo‘ladigan, yuqori samara bilan ishlaydigan tizimga aylantirishdan iborat», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu maqsadga erishish uchun nima kerak?

Prezident avvalroq o‘qituvchilar va shifokorlarning maoshlarini 1000 dollargacha oshirish rejasini ma’lum qilgan edi. Bu yuqori toifaga tegishli ekanligi esa aytilmagan edi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov iyul oyida Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida budjetda mablag‘ yetishmasa, yaxshi oylik to‘lash qiyin ekanligini, chunki 13 million soliq to‘lovchidan atigi 4,64 millioni rasman daromad solig‘i to‘lashini ma’lum qilgan edi.

«Sog‘liqni saqlash tizimida 600 mingga yaqin kishi ishlaydi. Ularning maoshi 1 million so‘mga oshirilsa, bu oyiga 600 milliard so‘m, yiliga 7,2 trillion so‘m bo‘lib chiqadi. Bu har biriga atigi 100 dollardan oshirilganda, xolos. 2020 yilda 105 trillion so‘mlik budjetga ega bo‘lganimizni hisobga olsak, bu 6,8 foizni tashkil etadi, bu katta miqdor. Agarda bunday foizni oladigan bo‘lsak, ta’limga nima qoladi? Ta’lim ham aytadi: „Kelinglar, o‘qituvchilarning ham oyliklarini oshiringlar“. Vaholanki men ish haqini 1000 dollarga emas, atigi 100 dollarga oshirish haqida gapiryapman», degan edi Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari o‘rinbosari.

Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda XTV tizimida 13407 nafar oliy toifali o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatgan, bu umumiy o‘qituvchilar sonining 2,8 foizdan kamini (481,6 ming nafardan ortiq) tashkil etadi. 1 sentabr holatiga ko‘ra, oliy toifali o‘qituvchilarning maoshi qariyb 3 million 170 ming so‘mni tashkil etadi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda barcha yo‘nalishdagi shifokorlar soni 93,3 ming nafarni, o‘rta tibbiyot xodimlari soni esa 369,9 ming nafarni tashkil etdi. Oliy toifali shifokorlar soni ma’lum qilinmagan.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oliy toifali shifokorlarning asosiy maoshi (nafaqa to‘lovlaridan tashqari) kasbi va ish joyiga qarab o‘zgarib turadi, eng yuqori ko‘rsatkich 3,17 million so‘mni tashkil etadi. Oilaviy poliklinikadagi umumiy amaliyot shifokori — qariyb 2,76 mln so‘m, patronaj hamshira — 1,67 mln so‘m, tez yordam shifokori — 3,17 mln so‘m, feldsher — 1,9 mln so‘m, markaziy shifoxonalar jarrohi — 2,84 mln so‘m, tez tibbiy yordam markazlari jarroh shifokori — 3,17 mln so‘m maosh oladi (barchasi oliy toifali).

Ish staji uchun qo‘shimcha ustamalar hisobga olinsa, rentgenolog maoshi 4,43 mln so‘m, jarrohning maoshi 4,13 mln so‘mga yetishi mumkin.

1000 dollarga yetish uchun besh yil ichida shifokorlarning maoshini 2,5−3 barobar, o‘qituvchilarning ish haqini qariyb 3,5 barobar oshirish kerak. Hozirda ular yiliga o‘rtacha 15% ga o‘smoqda.

Bir necha yildirki, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ish haqi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past — 2,97 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Amrillo Inoyatov 2020 yil yakunida 2021 yilda hamshiralar, shifokorlar va o‘qituvchilarning maoshlari bir necha barobar oshirilishiga ishonch bildirgan edi. Yanvar-iyun oylarida ular 2,05 mln so‘mga — o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 15,1 foizga, ta’lim sohasida esa 2,25 mln so‘mga yoki 14,4 foizga oshdi.