9 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha masalalar ham ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, oxirgi 3−4 kunda bo‘lib o‘tgan changli ob-havo sharoiti «ushbu dastur qanchalik to‘g‘ri ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi».

«Mutasaddilar loyihani amalga oshirishda qo‘shib yozish, raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish, ishlarni pala-partish bajarishga yo‘l qo‘ymaslik haqida qat’iy ogohlantirildi», — dedi Shavkat Mirziyoyev

Hozirga qadar Qoraqalpog‘iston, Namangan, Toshkent viloyati va Toshkent shahri ishga faol kirishgan, lekin Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida daraxt ekish reja ko‘rsatkichlaridan ancha ortda qolayotgani ta’kidlandi.

«Shu bilan birga Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Tomdi, Do‘stlik, Arnasoy, Forish, Yangiariq, Sherobod, Termiz, Muzrabot, G‘uzor, Kitob tumanlarida ko‘chat ekish ishlari haligacha boshlanmagan. Ushbu tuman hokimlariga qat’iy ogohlantirish beriladigan bo‘ldi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avgustda prezident topshirig‘iga ko‘ra, oktabr-noyabr oylarida 55 mln dona, kelgusi yil bahor mavsumida 70 mln dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlar ekilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, yil yakuniga qadar shaharlar va tuman markazlarida 16 mln dona mevali, yong‘oq manzarali va daraxtlar buta ko‘chatlari ekish vazifasi qo‘yilgan edi.

Bundan tashqari, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi belgilangan. Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishini va’da bergandi. Prezident parklar va yashil zonalar hududini boshqa maqsadlar uchun ishlatish qat’iyan taqiqlanashini qayd etgan. Har yili kamida 200 mln tup daraxt ko‘chatlari ekilishi ta’kidlangan.

Noyabr oyi boshida davlat rahbari yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilinganini ma’lum qilgan. Shuningdek, bundan buyon ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul bo‘lishi va 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» e’lon qilinishi ta’kidlangan edi.