O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuxrat Vafayev 9 noyabr kuni Frankfurt shahrida Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan «Diqqat markazida — Markaziy Osiyo. Iqtisodiyot haqida suhbat» xalqaro anjumanida ishtirok etishdi.

ITSV rahbari o‘rinbosari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuxrat Vafayev Yevropa, xususan Germaniya, va Markaziy Osiyo davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston, o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yirik imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

«Birinchidan, bizning iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldirishi sababli. Biz qandaydir savdo bozorlarida, xom ashyo bozorlarida raqobat qilmaymiz. Bizda energetik resurslar, xom ashyo resurslari, mehnat resurslari mavjud. Germaniyaning esa texnologiyalar va resurslarni samarali qayta ishlash imkoniyati bor», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekistonning ambitsiyalari xom ashyo manbasi bo‘lib qolishdan ko‘ra kengroq». «Shuning uchun biz qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich rivojlantiryapmiz. Va bu yerda o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yana bir yo‘nalish va soha paydo bo‘lmoqda, biz ishlab chiqarish, qayta ishlashning bir qismini O‘zbekistonda amalga oshirmoqchimiz, shu orqali bugungi kunda global yetkazib berish zanjirlarida yuzaga kelgan bo‘shliqlarni to‘ldirish mumkin», — deya ta’kidladi Shuxrat Vafayev.

Vazir o‘rinbosari bu oddiy emas, balki kompleks vazifa ekanligini tan oldi.

«Birinchi navbatda, odamlarni kasblarga o‘rgatish, ularga yuqori texnologiyali qurilmalarda ishlash va sifatli mahsulotni ishlab chiqarish imkoniyatini beruvchi ko‘nikmalarni berishdan boshlash kerak. Standartlar, qonunchilik va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha ishlar kerak. Va bu yerda moliyalashtirish ham juda muhim», — dedi u.

ITSV rahbari o‘rinbosari ushbu masalalarning barchasiga yechim topish mumkinligini aytdi. Germaniya va O‘zbekistonda bu uchun «kerakli resurslar, xohish, siyosiy iroda» mavjud.

Shuningdek,Shuxrat Vafayev infratuzilma, ayniqsa transport va energetik infratuzilmaning muhimligini ham tan oldi.

«Bizning bu sohadagi strategiyamiz juda oddiy — biz zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yanada samaraliroq ishlab chiqarish quvvatlarini joriy qilish orqali, birinchi navbatda, energetika sohasida infratuzilmaning samaradorligini oshiramiz. Bu bug‘-gaz qurilmalari, issiqlik energetikasidagi birlashtirilgan sikl. Biz faol ravishda qayta tiklanuvchi energetika sohasini joriy qilmoqdamiz. Hozirgi kunda amalga oshirish va qurilish jarayonida bo‘lgan 4 GVt lik loyihalarimiz mavjud, va biz bu jarayonni davom ettiramiz», — dedi u.

O‘zbekiston modernizatsiya va infratuzilmani kengaytirishga xususiy sektor, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning muvaffaqiyatli amaliyotini boshqa sohalarda, jumladan avtomobil yo‘llari va temiryo‘llar, aviatransport sohalarida ham joriy qilmoqchi. Chunki modernizatsiya qilish, infratuzilma samaradorligini yaxshilash bo‘yicha ehtiyojlar katta, ayniqsa moliyaviy nuqtayi nazardan, deya ta’kidladi Shuxrat Vafayev.

«Na davlatda, na rivojlanish bo‘yicha hamkorlarda ushbu infratuzilmani tezlik bilan tartibga keltirish va uni sifatli qo‘llab-quvvatlab turish uchun mablag‘lar mavjud emas. Bunday vaziyatda xususiy va xorijiy investorni jalb qilish yagona va mantiqiy yo‘l bo‘ladi. Bu uchun investorlarga qulay ishlashga imkoniyat ochadigan sharoitlar yaratish, qonunchilik, regulyator bazasini shakllantirish lozim. Buning uchun davlat shartnoma bo‘yicha o‘z bo‘ynidagi majburiyatlarni bajarishi to‘g‘risida kafolat berish kerak», — dedi u.

Shu bilan birga, vazir o‘rinbosari O‘zbekiston infratuzilmaga investitsiya kiritishga qiziqayotgan investorlar o‘rtasida raqobat va raqobat muhitini yaratish uchun faol ish olib borishi kerakligini qayd etdi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 560,5 mln dollarni (jami tashqi savdoning 2%) tashkil qilgan. Ushbu ko‘rsatkich ketma-ket uchinchi yil pasayib bormoqda. Taqqoslash uchun: o‘tgan yilning shu davrida ko‘rsatkich 572,3 mln dollar, 2018 yilning yanvar-sentabr oylarida esa 743,7 mln dollarni tashkil qilgan edi.