Shu yilning aprel oyida Bosh prokuratura matbuot xizmatining 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov yurak xuruji sabab vafot etgani ma’lum qilingandi.

Deputat Rasul Kusherbayevga ko‘ra, marhumning otasi unga murojaat qilib, marhum xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etganligi, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to‘lab berilmayotganini bildirgan.

Shu sabab marhumning otasi Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qildi. Biroq, FIB Mirobod tuman sudi 17 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo arizasini rad qildi. Da’vogar esa sudga apellyatsiya shikoyatini kiritgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish hukumat tomonidan 1997 yilda tasdiqlangan nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Nizoimga ko‘ra, tashkilot hududida va uning tashqarisida xodimning mehnat vazifalarini bajarayotganda yuz bergan jarohatlanishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar hisoblanadi.

Mazkur nizomning 1-bo‘lim, 3-bandiga asosan tabiiy o‘lim, o‘zini o‘zi o‘ldirish, jabrlanuvchining o‘z salomatligiga qasddan shikast yetkazishi, shuningdek, jabrlanuvchining jinoyat sodir qilish chog‘ida shikastlanishi holatlari (sud-tibbiy ekspertiza xulosasi yoki tergov organlarining ma’lumotlariga ko‘ra) tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi.

Nizomning 3-bo‘limini 2-bandiga asosan guruhli, oqibati o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir va o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa to‘g‘risida ish beruvchi darhol sxemaga binoan quyidagilarga xabar berishi kerak:

  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga;
  • Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga;
  • baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi hududiy ichki ishlar organiga;
  • ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchiga.

Davlat mehnat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura tibbiy xulosaga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari va vazirligiga, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga mazkur holat bo‘yicha xabar bermagan.

Davlat mehnat inspeksiyasi marhumning otasinig da’vosi sudda rad qilingani bo‘yicha ham izoh berib, inspeksiya to‘g‘risidagi nizomning 23-bandida sud organlari tomonidan qaror qabul qilingandan keyin inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qo‘shimcha xulosalar, tushunchalar inspeksiya tomonidan berilmasligini ta’kidlagan.