Ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumani «Baynalminal» MFYda profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan Nozimjon Nishonov tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosarining ustidan ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Muhtor Mirzayevga shikoyat qilib, videomurojaat yo‘lladi.

Bunga ички ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov munosabat bildirib, murojaatdagi «vajlar o‘rnatilgan tartibda tekshirilib, holatga huquqiy baho berilishini» ma’lum qildi.

Sobiq xodim Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor Ahmadjonov profilaktika inspektorlariga nisbatan qonunga zid xatti-harakatlar qilayotgani, jumladan o‘z manfaati yo‘lida ularga tazyiqlar o‘tkazayotganini qayd etgan.

Ma’lum qilinishicha, mayor 100 bosh qoramolga mo‘ljallangan molxona qurayotgani sababli inspektorlardan zarur qurilish materiallarini yetkazib berishni talab qilgan. «Buni [molxona qurilayotganining] jabrini profilaktika inspektorlari tortayapti. Shag‘al olib bergan, ustasiga qaragan, xizmatini qilgan…», — dedi sobiq inspektor.

Shu bilan birga, IIB boshlig‘i o‘rinbosari shaxsiy manfaatlari uchun inspektorlardan har kuni 55 ming so‘mlik «o‘rta fond» undirib kelayotgani ham aytilmoqda.

Bundan tashqari, u har kuni profilaktika inspektorlariga bittadan mashinani jarima maydoniga joylashtirish, beshtadan mashina uchun jarima dalolatnomasi tuzishni majburiy reja qilib bergani qayd etilgan. Bu rejani bajara olmagan profilaktika inspektorlari esa yarim kechasigacha ushlab turilib, alohida «razvod»ga keltirilgan.

Ta’kidlanishicha, mayor Ahmadjonovning bu noqonuniy hatti-harakatlariga, xodimlarni doimiy haqorat qilishlariga na Quva tuman IIB boshlig‘i, na Quva tuman IIB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Farhod Ismoilov biror chora ko‘rishmagan.

«Rahbarlar o‘zaro kelishgan holda xodimlarga nisbatan tadbirlar uyushtirishadi. Pul berib (ishga kiritib qo‘yish — tahr.) kirgizish masalalari bo‘yicha… vaholanki u tadbirlar qonunga zid ravishda bo‘layapti. Ya’ni, o‘sha tadbirda DXX, Bosh prokuratura yoki Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentidan qatnashmaydi yoki kimyolangan pul degan narsalar yo‘q», — dedi sobiq inspektor.

Tadbirdan 1 kun o‘tib esa O‘z xavfsizlik xizmati kelib, holat tasdiqlanganini ma’lum qilishi qo‘shimcha qilingan. «Profilaktika inspektorlari ezilib ketayapti, ezilib. Dardini kimga aytishni bilmaydi…», — dedi Nozimjon Nishonov.

Bundan tashqari, Ahmadjonov Quva tumani hokimi o‘rinbosarini kaltaklab, shunda ham jazosiz qolgani aytilmoqda.

«Har gapida aytadiki, „mana meni internetga chiqarib, nima qildi? Hech nima qila olmadi! Hokim o‘rinbosari qayerga yozsa ham nima keldi qo‘lidan?“… Shunga o‘xshash gaplar aytgan. Shaxsiy tarkibni ruhi sinib ketdi», — deydi murojaatchi.

Shaxsiy tarkib xodimlari bir necha marotaba mayor Ahmadjonovning noqonuniy harakatlari yuzasidan tuman IIB raxbariyatiga, viloyat IIB raxbariyatiga anonim tarzda qilingan murojatlar javobsiz qoldirilgani ham qayd etilgan.

Nozimjon Nishonov murojaat yakunida so‘zlarining isboti sifatida tegishli audioyozuvlar borligini ma’lum qilgan.