Noyabr oyida sabzining narxi 2021 yil iyun oyi bilan taqqoslaganda 4−5 barobargacha arzonlashdi, deya xabar bermoqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati. Vazirlikning prognozlariga ko‘ra, narxlar 2022 yil bahori — kutiladigan yangi hosilga qadar shu darajada saqlanib qoladi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 20 iyun holatiga 1 kg sabzining o‘rtacha chakana narxi 6000−10000 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, oktabr-noyabr oylariga kelib 2000 so‘mgacha arzonlashgan. O‘rtacha ulgurji (dalaning o‘zidan) narxi esa 1000−1500 so‘m atrofida.

Vazirlik joriy yilda sabzi narxida kuzatilgan keskin o‘zgarishlarni bahorda «ertapishar sabzining» yetilishi «deyarli bir oyga» kechikkanligi bilan izohlamoqda.

«Yozga kelib, sabzi narxiga oid vaziyat butunlay barqarorlashdi. Yoz oxiri va kuz oylarining boshida esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan aholi uchun „daladan iste’molchigacha“ tamoyili asosida arzonlashtirilgan yarmarkalar ishga tushirildi», — deyiladi xabarda.

Mazkur yarmarkalar sabzi va boshqa asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxining pasayishiga xizmat qilganligi aytilmoqda.

Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda yetishtirilgan 2 mln tonnadan ortiq sabzi hosilining (o‘rim-yig‘im ishlari hali tugamagan) asosiy qismi ichki bozor ehtiyojlariga yo‘naltirilmoqda.

Shundan «takroriy ekin»dan yig‘ib olingan 140 ming tonna sabzi qishki-bahorgi mavsumda aholi ehtiyojlari uchun zaxiraga olinishi, «kechpishar» sabzining bir qismi esa ixtisoslashtirilgan korxonalar bazasida qayta ishlash uchun yuborilishi aytilmoqda.

«Mamlakat aholisining sabzi mahsulotiga bo‘lgan yillik talabi 700−800 ming tonnani tashkil etadi. Iste’mol savatchasidagi sabzi mahsulotining ulushi 0,4% hisoblanadi», — deya qayd etiladi vazirlik axborotida.

Ma’lum qilinishicha, 1 noyabr holatiga jami 50,5 ming tonna sabzi eksport qilingan. Sabzi eksporti hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga (43,4 tonna) oshgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida jami 7,6 mln dollar qiymatdagi sabzi 9 ta davlatga, jumladan, Qozog‘iston (30,5 ming tonna), Qirg‘iziston (16,5 ming tonna), Rossiya (3 ming tonna), Tojikiston, Belarus, Chexiya, Ukraina, Koreya Respublikasi va BAA davlatlariga eksport qilingan.

Iyun oyida mamlakat bozorlarida sabzi narxi keskin ko‘tarilib, kilogramiga 11 ming so‘mgacha yetgani haqida xabar berilgan edi.