Markaziy bank tomonidan aholining turli guruhlari iste’mol kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha navbatdagi so‘rovlar o‘tkazildi. Unga ko‘ra, ishtirokchilarning qariyb 70 foizi daromadlarining asosiy manbai oylik ish xaqi, 15 foizga yaqini esa tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlarga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan. Bu haqda Markaziy bankning 2021 yil III chorak yakunlari bo‘yicha iste’mol kayfiyati sharhida ma’lum qilindi.

Sharhga ko‘ra, 2021 yilning III choragi yakunlari bo‘yicha Iste’mol kayfiyati indeksi (IKI) 24,8 bandni tashkil etdi. Kuzatuvlarga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etgan daromadlari 7 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlar ulushi jamiga nisbatan 86 foizni tashkil etgan.

Manba: Markaziy bank hisob-kitoblari

Shuningdek, hududlar kesimida ham rasmiy oylik ish haqi asosiy daromad manbai ekanligi qayd etilgan. Xususan, Toshkent shahri (68,8 foiz), Buxoro (61 foiz), Andijon (58,7 foiz) va Toshkent viloyatlari (58,1 foiz) respondentlari javobalarida oylik moashning asosiy daromad sifatida yuqori ulushlar qayd etilgan.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni qayd etgan respondentlarning katta qismi Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Qayd etilishicha, yanvar-sentabr oylarida chakana savdo tovarlarining aylanmasining o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 9,8 foizga va xizmatlarning o‘sishi esa 19,5 foizni tashkil etgan. Aholining real daromadlari esa 10,4 foizga o‘sgan.

So‘rovda respondentlarning 47 foizi hozirgi kunda yuz berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar yaqin 3 yilda ham davom etishini hamda ijobiy natijalar berishini bildirishgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, jami respondentlarning katta qismi, ya’ni 60 foizi kelgusi oylarda yangi kredit olishga ehtiyojlari mavjudligi ta’kidlagan.

2021 yilning II choragida respondentlarning daromadi 1−3 mln so‘mni tashkil etuvchi qismi kreditga bo‘lgan talabi yuqoriligini qayd etishgan bo‘lsa, III chorakda 3−5 mln so‘m va 5−7 mln so‘m daromadli respondentlarda ham kreditlarga bo‘lgan ehtiyoji sezilarli ortganligi kuzatildi.

Yanvar-sentabr oylarida jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 1,5 baravarga oshgan. Bunda, mikrokreditlar 2,3 barobarga, mikroqarzlar 1,7 barobarga va overdraft kreditlari 2,7 barobarga o‘sdi.

Xarajat va jamg‘arma subindeksi

Respondentlarning katta qismi (71 foizi) kelgusi oylarda xarajatlarining ko‘payishini ta’kidlagan.

O‘rganishlarga ko‘ra, joriy III chorakda kelgusi oylar uchun davolanish, avtomobil, uy-joy, mebellar va boshqa yirik xaridlarni rejalashtirayotgan respondentlar ulushi II chorakka nisbatan biroz ko‘paygan.

Tahlillarga ko‘ra, aksariyat respondentlar (jamiga nisbatan 45 foiz) o‘z jamg‘armalarini 3 oygacha yetishi mumkinligini ta’kidlashgan. Jumladan, jamg‘armalari 1 oygacha yetadigan respondentlar ulushi 28 foizni tashkil etggan bo‘lsa, 1−3 oygacha bo‘lgan davr uchun ushbu ko‘rsatkich 16 foizga teng.

Manba: Markaziy bank hisob-kitoblari

Biroq jamg‘armalari mavjud bo‘lmagan respondentlar ulushi (42 foiz) yuqoriligicha qolmoqda. O‘rganishlarga ko‘ra, 52 foizga yaqin respondentlar kelgusi davr uchun jamg‘armalari ko‘payishini ta’kidlashgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan II chorak natijalari bilan solishtirilganda, ijobiy javoblar hissasi 6 foiz bandga yaxshilangan.

Tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan jozibador depozit turlari va ulardagi yuqori daromadlilik, aholining bo‘sh pul mablag‘larini jamg‘arish hamda omonatga yo‘naltirishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Xususan, jismoniy shaxslar uchun o‘rtacha tortilgan depozit foiz stavkalarining yil boshida 17 foizdan sentabr oyida 20,3 foizgacha o‘sgan bo‘lsa, real daromadlik darajasi 6−8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, aholining inflyatsion kutilmalari va sezilgan inflyatsiyasini inobatga olgan holda hisoblangan real foiz stavkalar 3−4 foizlik darajada saqlanib qolmoqda.