Innovatsion rivojlanish vazirligi 4−5 noyabr kunlari kuzatilgan chang-qumli tuman O‘zbekistonga boshqa davlatlardan kelganini tasdiqlab, uni inson organizmi uchun xavfsizligini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi va Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan poytaxtda tarqalgan chang bo‘ronidan keyin cho‘kkan chang tarkibi o‘rganib chiqilgan.

Chang tahlili uchun namunalar Olmazor tumani «Beruniy» metro bekati va Mirzo Ulug‘bek tumanining «Akadem shaharchasi» xududlaridan olingan.


Chang tarkibi SmartSEM dasturiy ta’minot yordamida 100 mkm dan 1 mkmgacha bo‘lgan turli masshtablarda olindi.

Namunalar SEM — EVO MA 10 (Zeiss, Germaniya), Panalytical Empyrean rentgen difraktometri, Agilent 7890B gaz xromatografi kabi qurilmalarda tahlil qilingan. Uskunalar ishi Data Collector dasturi yordamida nazorat qilib turilgani aytilmoqda.

«Natijalar shuni ko‘rsatadiki, chang hajmi 5 mikrongacha bo‘lib, bu kattalikdagi chang zarralari ancha zararsizdir», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 5 noyabrdagi chang namunalari 42 turdagi pestitsidlarga gaz xromatografiyasi yordamida tahlil qilinganda namunalarda pestitsidlar mavjud emasligi aniqlangan.


«Tahlil ma’lumotlari chang tarkibida tuz ham me’yorda ekanligini ko‘rsatdi. Chang namunalarida rN o‘lchovi chang eriganida ishqoriy xususiyatlarini ko‘rsatdi», — deya qayd etdi vazirlik.

Namunalar tahlili ular tabiatiga ko‘ra standart chang ekanligini ko‘rsatgani ma’lum qilindi.

«Chang tarkibida og‘ir metallar, tuzlar, inson salomatligi uchun xavfli pestitsidlar mavjud emas», deya qo‘shimcha qilingan Innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lumotida.

Avvalroq O‘zgidromet 5 noyabr kuni soat 21:00 dan 23:00 gacha Toshkent shahrida chang miqdori me’yordan 30 baravar oshgani, keyin esa pasayishni boshlagani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonda 150 yil ichida yoki butun meteorologik kuzatuvlar davomida birinchi marta chang-qumli tuman kuzatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa «Tez yordam» chaqiriqlari soni 4 noyabr kuni ortib, jami 678 kishi nafas qisishidan shikoyat qilganini bildirdi. 7 noyabrga kelib esa 349 nafar shaxs nafas yetishmovchiligi bilan murojaat qilgan.

Avvalroq havoda chang konsentratsiyasi ortishi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalarini e’lon qilgan edik. Mutaxassislar tomoq va burunni ozgina sho‘rlangan suv bilan chayishni, xonalarga ho‘l sochiqlarni osib qo‘yishni, ko‘chaga chiqmaslikka harakat qilishni va niqob kiyishni maslahat berishmoqda.