Dunyo bo‘ylab COVID-19 ga chalinganlar soni 250 mlndan oshdi

AQShning Johns Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 250 milliondan oshdi. 9 noyabr holatiga ko‘ra, pandemiya boshidan beri COVID-19'ga chalinganlar soni 250 mln 563 ming 666 nafarni tashkil etmoqda.

Kasallanish holatlarining ko‘pligi bo‘yicha AQSh birinchi o‘rinda bormoqda — 46,62 mln kishi. Undan keyin esa Hindiston (34,3 mln), Braziliya (21,88 mln), Buyuk Bitaniya (9,3 mln) va Rossiya (8,7 mln) turibdi.

Dunyo bo‘ylab 5 mln 60 ming 292 nafar kishi vafot etgan. Koronavirus oqibatidagi o‘limlar bo‘yicha ham AQSh yetakchilik qilmoqda, mamlakatda pandemiya boshidan beri 754 431 kishi vafot etgan.

Dunyo aholisini koronavirusga qarshi emlash uchun 7,2 milliarddan ortiq dozada vaksina qo‘llanilgan.

Shuningdek:

Rossiyada bir sutka davomida 1211 kishi COVID-dan vafot etdi, deya xabar beradi RBK. Bu mamlakat uchun koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri mutlaq maksimal ko‘rsatkich hisoblanadi. Avvalgi maksimal o‘lim soni 5 noyabrda qayd etilib, shu kuni 1192 kishi koronavirusdan vafot etgandi.


Polshaliklar Belarus chegarasidagi vaziyat tufayli amerikaliklarga murojaat qildi

8 noyabr kuni Belarus-Polsha chegarasida migrantlarning bir necha minglik guruhi to‘plandi. Polshalik Twitter foydalanuvchilari Belarusdan Polshagacha bo‘lgan chegaradagi ushbu vaziyatga munosabat bildirdi. Ularning ko‘pchiligi Varshava inqirozni o‘z-o‘zidan bartaraf eta olmaydi, deya qaror qabul qilgan. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Mamlakat Mudofaa vazirligi Polsha-Belarus chegarasidagi mavjud vaziyatni aks ettiruvchi bir qancha foto va videomateriallarni chop etdi. Polshaliklar esa izohlarda esa turli fikrlar qoldira boshladi.

«Dahshat! Qachon devor qurishni boshlaymiz? Yevropa Ittifoqi buning uchun pul berishi kerak», — deb yozdi ular Twitter’da.
«Polsha muhojirlar bo‘yicha yordam so‘ragan boshqa Yevropa davlatlarining ustidan shuncha vaqt kuldi, endi esa o‘zi yordam so‘rashiga to‘g‘ri keladi», — deb yozadi boshqa foydalanuvchi izohlarda.

O‘z navbatida, Belarus davlat chegara qo‘mitasi rasmiy vakili Anton Bichkovskiy Minsk chegara hududida xavfsizlikni ta’minlash va provokatsiyalarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rayotganini aytdi.

Oxirgi oylarda Litva, Latviya va Polsha Belarus bilan chegarada noqonuniy muhojirlar soni ortgani haqida xabar bergan. Xususan, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 30 mingdan ortiq odam noqonuniy ravishda Polshaga kirishga uringan.

Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, G‘arb sanksiyalari tufayli Minskda odamlar oqimini to‘xtatish uchun «na pul, na kuch» yo‘q.


Nigerda maktabdagi yong‘in oqibatida 25 nafar bola halok bo‘ldi

Nigerning Maradi viloyatida 8 noyabr, dushanba kuni ertalab maktablardan birida yuz bergan yong‘in oqibatida besh yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan kamida 25 nafar bola halok bo‘ldi, yana bir qancha maktab o‘quvchilari jarohat olgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Voqea guvohlaridan biri jarohatlangan bolalarning voqea joyidan mashinalarda qanday qilib shifoxonaga olib ketilganini ko‘rgani, jabrlanganlarning ba’zilari og‘ir ahvolda ekanligini aytdi. Maktabdagi barcha darslar bekor qilingan.

Xabarda aytilishicha, yong‘in sabablari hozircha noma’lum, tergov davom etmoqda.


Chili deputatlar palatasi prezidentga impichment e’lon qilish qarorini ma’qulladi

Chili deputatlar palatasi mamlakat prezidentining impichmentini ma’qulladi, endi Senat bu masalani ko‘rib chiqadi, deya xabar berdi RIA Novosti.

«78 kishi „rozi“, 67 nafar deputat „qarshi“ va uchta betaraf ovoz bilan Deputatlar palatasi prezident Sebastyan Pineraning impichmentini ma’qulladi», — deyiladi bayonotda.

oktabr oyi o‘rtalarida Chilidagi muxolif partiyalar «Pandorra papers» hujjatlari nashr etilgandan so‘ng Pinera uchun konstitutsiyaviy impichment jarayonini boshlagan edi.


Portugaliyada yangi qonunga ko‘ra ish beruvchilar xodimlar bilan ishdan tashqari vaqtda gaplashishi taqiqlandi

Portugaliya parlamenti masofadan ishlashni tartibga soluvchi yangi qoidalarni qabul qildi. Xususan, endilikda boshqaruvchilar ish vaqtidan tashqari qo‘l ostidagilarni bezovta qilsa, jarima to‘laydi.

Shuningdek, masofadan turib ishlayotgan xodimlar, yangi qoidalarga ko‘ra, o‘z xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq elektr energiyasi va internet xarajatlari uchun qisman kompensatsiya olish huquqiga ega. Kichkina bolalari (8 yoshgacha) bo‘lgan xodimlar endi rahbariyat tomonidan, agar xodimning o‘zi istak bildirsa, masofadan turib ishlashga ruxsat berishi shart.

Yangi qoidalar faqat 10 dan ortiq kishi ishlaydigan kompaniyalarga tegishli.