Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev 2022 yil uchun budjet loyihasi ishlab chiqilishi cho‘zilib borayotganini bildirdi.

Deputatning yozishicha, budjet kodeksining 97-moddasiga asosan, Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va budjetnoma Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga, qoida tariqasida, joriy yilning 15 oktabridan kechiktirmay kiritilishi belgilangan.

«Lekin 2021 yil 9 noyabr holatiga, ya’ni belgilangan muddatdan 25 kun o‘tgan bo‘lsada, budjet loyihasi va budjetnoma Qonunchilik palatasiga kiritilgani yo‘q», — deya yozdi deputat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, budjet kodeksiga o‘tgan yili kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, kelgusi yil uchun yangilangan o‘rta muddatli davr fiskal strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 15 iyuniga qadar tasdiqlanishi va tasdiqlangan fiskal strategiya ma’lumot uchun Oliy Majlis palatalariga taqdim etilishi hamda jamoatchilik uchun Moliya vazirligi veb-saytida e’lon qilinishi belgilangan.

«Belgilangan muddatdan deyarli 5 oy o‘tgan bo‘lsada, o‘rta muddatli fiskal strategiya na Oliy Majlis palatalariga kiritilgan, na Moliya vazirligi veb-saytida e’lon qilingan. O‘zi umuman 2022 yil uchun yangilangan fiskal strategiya Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilganmi yoki yo‘q, bu ham noma’lum», — deya ta’kidlagan Doniyor G‘aniyev.

Shu bilan birga, u bu yil mamlakat prezidentligiga saylov o‘tkazilganligi va g‘olib nomzod tomonidan saylovoldi dasturda ilgari surilgan masala va rejalar yangi budjet loyihasida o‘z aksini topishi nuqtai nazaridan 2022 yil uchun budjet loyihasini ishlab chiqish kechikishi tabiiy hol ekanini qayd etdi.

«Lekin, shunga qaramay, budjet loyihasini Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun ham yetarlicha vaqt berilishi kerak. Garchi amalda deputatlar budjet loyihasi parametrlariga jiddiy o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritolmasalarda, lekin budjet muhokamasi uchun byudket kodeksida belgilangandek, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasiga ham kamida bir oy muddat qoldirilishi kerak», — deya ta’kidladi deputat.