Prezidentning 5 noyabrdagi “Sport ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish orqali olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini shakllantirish sifatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, Moliya vazirligi tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarni 2022 yil uchun davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishi hamda 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ularni to‘liq hajmda to‘lab berilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, AKT vazirligi Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvarga qadar “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini takomillashtiradi.

Shu jumladan, axborot dasturida fuqarolar tomonidan belgilangan masofani haqiqatda bosib o‘tganligini tasdiqlovchi mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2020 yil oktabrdagi farmoni bilan aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasi yaratildi.

Unda 1hls.uz platformasidagi to‘lovlar aholi salomatligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan maxsus yig‘im joriy etish hisobidan amalga oshirilishi aytilgandi.

Turizm va sport vazirligi tomonidan 14 sentabrdan piyoda yurish va yugurishni targ‘ib qilish maqsadida ishga tushirilgan “Sog‘lom turmush tarzi platformasi” (1hls.uz) qadamlar uchun pul to‘lashni vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.

Keyinroq vazirlik ushbu xabarni rad etib, “axborot xizmati xodimi asossiz va tasdiqlanmagan ma’lumot bergani"ni ta’qidlagandi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” 1hls ilovasini mobil telefonga yuklash, undan foydalanish va pulni bank kartasiga o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgan edi.