5 noyabr kuni O‘zbekiston elchisi Said Rustamov Buyuk Britaniya xalqaro savdo vazirining o‘rinbosari lord Jerri Grimstoun bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida Buyuk Britaniya vakili O‘zbekiston ushbu mamlakat Umumiy imtiyozlar tizimi (UK Generalised Scheme of Preferences, Enhanced Framework)ning kengaytirilgan rejimiga kiritilgani to‘g‘risida ma’lum qildi, deb xabar berdi «Dunyo» AA.

«Bunday qaror qabul qilinishiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning ijobiy dinamikasi xizmat qildi. Buyuk Britaniya O‘zbekistondagi yangilanish jarayonini olqishlamoqda. O‘zbekiston Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqqanidan so‘ng ushbu tizimga kiritilgan birinchi davlat bo‘lgani qayd etildi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonga Buyuk Britaniya bilan savdoda benefitsiar mamlakat maqomi berilishi keng turdagi o‘zbek mahsulotlarining Britaniya bozoriga kirishini osonlashtiradi va ularning raqobatbardoshligini oshiradi.

Shuningdek, ikki tomonlama kun tartibidagi boshqa masalalar, jumladan, innovatsiya, investitsiya, muqobil energetika va moliya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilindi.

O‘zbekiston-Britaniya savdo va sanoat bo‘yicha kengashining (UBTIC) yillik yig‘ilishiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish va uni 2022 yil Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha fikr almashildi, deyiladi xabarda.