O‘zbekiston viloyatlaridagi mahallalarda badminton, stritbol va «Workout» sport turlari bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan 1164 ta sport maydonchasi quriladi. Prezident 5 noyabr kuni tegishli qarorni imzoladi.

Ikki oy muddatda sport maydonchalariga qo‘yiladigan talablar asosida hamda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklari, aholi soni va infratuzilmani inobatga olgan holda, sport maydonchalarining namunaviy loyihalari ishlab chiqiladi.

Hujjat bilan sport maydonchalarining aholi yashash joylariga qulay va xalqaro talablarga mos ravishda tashkil etilishi, sport maydonchalari qoplamasi tartan-sintetik qoplamadan bo‘lishi, aholi barcha qatlamlarining yoshi va qiziqishlariga mos bo‘lishiga e’tibor qaratish belgilangan.

Sport maydonchalari foydalanish xususiyatini yo‘qotmagan holda va tegishli joylashuviga ko‘ra viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisobidan mahalla fuqarolar yig‘ini yoki uy-joy mulkdorlari shirkatlariga tekin foydalanish huquqi asosida beriladi. O‘rnatilgan uskunalarni saqlash va ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlar esa hokimliklar budjetidan ajratiladi.

Hujjat bilan O‘zbekistonda har yili sportning ustuvor turlari bo‘yicha musobaqalari o‘tkaziladi:

yurish va yugurish bo‘yicha — «Tashkent Marathon», «Samarkand Half Marathon» va «Zaamin Ultra» xalqaro marafonlari, «Sky Camp Bostanliq» triatlon va yoga marafonlari, «Barcha rekordlar bizniki!» (5 va 10 ming qadamga), turli masofalarga yugurish bo‘yicha «Yangi rekordlar sari!»;

mini-futbol bo‘yicha — «Yangi O‘zbekiston yoshlarimiz», «Sog‘lom oila — Yangi O‘zbekiston tayanchi» (oilaviy jamoalar o‘rtasida) «Rahbar kubogi» (davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida);

badminton bo‘yicha — «Bahor malikalari», «Badminton ligasi» (umumiy o‘rta va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida), «Rahbar kubogi» (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida) va «Imkoniyatingizdan ko‘prog‘ini bajaring!» (aholining keng qatlamlari o‘rtasida);

stritbol va «Workout» bo‘yicha — «Rekorddan — yangi rekordga!» va «Giyohvand moddalarga qarshi!» (ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida), «Muhimi g‘alaba qozonish emas, balki qatnashish!» (mahalla jamoalari o‘rtasida), «Qishlog‘ing uchun g‘alaba qozon!» (qishloq jamoalari o‘rtasida), «Sog‘lom tanda — sog‘lom fikr!» (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida).

2022 yil 1 yanvardan boshlab sportning ustuvor turlari bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning (seleksiya) 3 bosqichli tizimi joriy etiladi:

  • birinchi bosqichda — sportchilar o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari (tuman/shahar hokimi kubogi);
  • ikkinchi bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari g‘oliblari o‘rtasida viloyat musobaqalari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari kubogi);
  • uchinchi bosqichda — viloyat musobaqalari g‘oliblari o‘rtasida respublika musobaqalari.

2021 yildan boshlab dastur va parametrlar to‘liq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard so‘mdan mablag‘lar ajratiladi.

Qarorda belgilangan sport musobaqalarini o‘tkazish, g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq har yilgi xarajatlar Davlat budjeti parametrlarida Turizm va sport vazirligi uchun ko‘zda tutib boriladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Har yili mart oyi yakuniga qadar hududlar kesimida sportning ustuvor turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish vaqti, joyi va manzillari, trenerlar, hakamlar va boshqa batafsil ma’lumotlar www.jtdss.uz platformasida joylashtiriladi va OAV orqali keng targ‘ib etiladi.