Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomidagi yodgorlik majmuasini qurish va unga tutash hududni obodonlashtirish uchun 28,4 mlrd so‘m yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Nurafshon Business City hududida kutubxona qurish uchun 6 mlrd so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan. Viloyat hokimi Davron Hidoyatovning 3 noyabrdagi farmoyishida bu haqda so‘z boradi.

Ushbu maqsadlarga mahalliy budjetining joriy yil III chorak yakuni shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan jami 34,4 mlrd so‘m (Markaziy bankning 8 noyabrdagi kursi bo‘yicha 3,2 mln AQSh dollaridan ortiq) mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Jamoatchilikning rejalashtirilayotgan xarajatlarni asoslash borasidagi talablariga javoban, viloyat hokimligi tushuntirish berdi. Unda qayd etilishicha, park, o‘yin va piknik maydonlari, amfiteatr, terassali va yopiq turdagi kafelar, favvoralar, tashrif buyuruvchilar uchun qulay o‘rindiqlar va yashil hududlar, piyodalar va velosipedchilar uchun qulay yo‘laklar, bolalar maydonchalaridan iborat ushbu yirik majmua 2.97 gektar maydonda bunyod etiladi.

Xabarda keltirilishicha, me’moriy yodgorlik majmuasini qurish tashabbusini Shavkat Mirziyoyev 16 oktabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuv davomida viloyat rivojiga doir ko‘plab takliflar qatorida ilgari surgan edi.

Viloyat ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, e’lon qilingan tenderda g‘olib bo‘lgan qurilish korxonasi tomonidan ayni paytda loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda.

Hokimlikdan «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritilishicha, loyiha 2007 yil aprelda Qarshida ro‘yxatdan o‘tgan Qashqadaryo Maks Servis Qurilish xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniyaning yagona muassisi Maxrifat Boymatova Shodiyevna, rahbar — Bahodir Shokir o‘g‘li Yuldashev.

Viloyat ma’muriyati xabarida keltirilishicha, 1,1 gektar yer maydonida zamonaviy 3 qavatli kutubxona qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, inshoot funksional zonalar va kompyuter uskunalari bilan jihozlanadi.

Bundan tashqari, individual ishlash va dam olish uchun kovorking zonalari, tadbirlar o‘tkazish, ijod bilan shug‘ullanish hamda qiziqarli intellektual o‘yinlar o‘tkazish uchun maxsus xonalar ajratiladi.

«Davlat rahbari tashabbusi bilan qurilishi rejalashtirilgan ushbu inshootlar viloyat aholisi, yoshlari va mehmonlari uchun nafaqat maroqli hordiq chiqarish, balki ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni yuksaltirish yo‘lida ham muhim qadam bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

«Hurmatli jurnalist va blogerlarimizdan bu mavzudagi axborotni tarqatishda tafsilotlarga e’tibor qaratishlarini so‘raymiz, — deya qayd etdi hokimlik. — Qurilish ishlarining borishi va unga sarflanayotgan mablag‘lar haqida jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berib boriladi».

Zulfiya Zokirova — Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan Toshkent viloyati Zangiota tumani Xonobod qishlog‘ida yashagan ayol. Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra «EZGUFilm» kinokompaniyasi Zulfiya Zokirovaning fojiali voqeasi haqida hikoya qiluvchi real voqealar asosida «Ilhaq» badiiy filmini suratga olgan edi.