Iqtisodiyot sohasida ishlayotganlar OTMlarga suhbat asosida qabul qilinishi mumkin

Iqtisodiyot tarmog‘ida 5 yil ish stajiga ega fuqarolar suhbat asosida OTMlarga o‘qishga qabul qilinishi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Talabgorlar vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari tomonidan berilgan tavsiyanomalar asosida suhbatga kiritiladi.

Farg‘onadagi mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchi qolmadi va muassasalar faoliyati to‘xtatildi

Farg‘ona viloyatidagi mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchi qolmadi va muassasalar faoliyati to‘xtatildi. Dang‘ara tumanida yashovchi Berdiyevlar oilasi 6 nafar tarbiyalanuvchini asrab olib, “Bolalar baxti” nomli oilaviy bolalar uyini tashkil qildi. Shuningdek, Qo‘qon shahrining O‘zbekiston va Toshloq tumanlarida ham oilaviy mehribonlik uylari tashkil etilgan. Muassasaning 80 nafar sobiq ishchi-xodimlari mutaxassisligi bo‘yicha yashash manzillariga yaqin bo‘lgan joylarda ish bilan ta’minlanmoqda.

DXX terroristik tashkilot tarafdori sifatida ayblangan shaxsni O‘zbekistonga olib keldi

DXX tomonidan “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti ta’siriga tushib qolgan shaxs O‘zbekistonga olib kelindi. U Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida qo‘shni davlatlarning biriga o‘tganida qo‘lga olingani aytilmoqda.

Yakshanba kuni 349 kishi nafas siqishi muammosi bilan murojaat qilgan — SSV

7 noyabr kuni respublika bo‘ylab 3768 kishi “Tez yordam” xizmatiga murojaat qilgan. Shundan 349 tasi chang-qumli bo‘ron natijasida nafas yetishmovchiligi bilan bog‘liq chaqiriq bo‘lgan.

Toshkent havosidagi chang miqdori normal ko‘rsatkichga qaytdi

8 noyabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida havoning chang bilan ifloslanishi ruxsat etilgan maksimal qiymatdan oshmadi, deb xabar berdi “O‘zgidromet”.

Nurafshonda 34,4 mlrd so‘mga yodgorlik majmuasi va kutubxona quriladi

Nurafshonda Zulfiya Zokirova yodgorlik majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish, shuningdek, kutubxona qurish uchun 34,4 mlrd so‘m (3,2 mln dollardan ortiq) mablag‘ yo‘naltirildi. Loyiha Qarshidagi “Qashqadaryo Maks Servis Qurilish korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Hokimlik xarajatlar yuzasidan izoh berdi.

Normat Tursunov Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi (yangilandi)

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov sog‘ligi davolanish talab etilganligi sababli, o‘z arizasiga muvofiq vazifasidan ozod etildi. Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan Normat Tursunov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

O‘zbekiston va Avstriya TIVlari o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolandi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Avstriyaning Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linxart bilan uchrashdi. Muzokaralarda 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etiladi

Prezident qarori bilan Olimpiya zaxiralari kollejlari negizida Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etiladi. Undagi kontingent faqat olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha shakllantiriladi. Qolaversa, 3 yillik “spetsialitet” dasturni amalga oshiradigan Oliy sport mahorati instituti ham ochiladi.

O‘zbekiston hududlaridagi mahallalarda 1164 ta sport maydonchasi quriladi

2021−2025 yillar davomida butun mamlakatda badminton, stritbol va “Workout” sport turlari bo‘yicha 1164 ta sport maydonchasi quriladi. Har yili ushbu sport turlari hamda yurish, yugurish va mini-futbol bo‘yicha 18 ta musobaqa o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Qarordagi dastur va parametrlar to‘liq bajarilgunga qadar budjetdan har yili 104 mlrd so‘mdan ajratiladi.

Magic City qo‘riqchilari va shar sotuvchi shaxslar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi

Magic City majmuasi qo‘riqchilari hamda gaz to‘ldirilgan sharlarni sotuvchi shaxslar o‘rtasida mojaro sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi doirasida 4 nafar gumonlanuvchi ushlangan, qolganlarini ushlash choralari ko‘rilmoqda.

Endi hokim kengash rahbari bo‘lmaydi — prezident

Prezident xalq deputatlari Kengashlari va hokimlarning vakolatlarini aniq belgilab beruvchi qonunchilik bazasini yaratish vaqti kelganini aytdi. Unga ko‘ra, “endi kengash rahbari ijroiya organi rahbari bo‘la olmaydi”.

Navoiydagi YTHda vafot etgan 3 nafar bank xodimi dam olish kuni ishga jalb qilingani aytilmoqda

Navoiy viloyatidagi YTHda halok bo‘lgan 3 nafar bank xodimi “yuqori turuvchi rahbarlar bergan topshiriqlarni bajarish uchun dam olish kuni ishga jalb qilingani” aytilmoqda. Mehnat vazirligi holatni o‘rganishni boshladi.

Aydar-Arnasoy ko‘lidan baliq ovlash hajmi yiliga 20 ming tonnaga oshiriladi — prezident

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Aydar-Arnasoy hududida ekoturizmni rivojlantirish uchun, avvalo, suv hajmi barqarorligini ta’minlash, bioxilma-xillikni asrash kerakligi ta’kidlandi. Ko‘llar atrofida qo‘shimcha sayyohlik zonalari va dam olish maskanlari barpo etish, baliq ovlash hajmini 4 ming tonnadan 20 ming tonnaga yetkazish va qirg‘oqlar bo‘yidagi 800 gektar yerda daraxt va butalar ekish topshirildi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Balki, yetar endi?

O‘zbekiston shahar va qishloqlarini chang-to‘zonli tuman qopladi. Bunday paytda ochiq havoda bo‘lish sog‘liq uchun xatarlidir. Ayni paytda mamlakatdagi daraxtlar va yashil bog‘lar, dalalar, ko‘l va daryolar najot so‘rab iltijo qilmoqda. Agar ularning gapirishga zaboni bo‘lganida, bizga nima degan bo‘lishardi? Botir Qobilov ruknida shu haqda hikoya qilinadi.

“Kelishilmagan xarakatlar”. Ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi boshqa ko‘plab savollarni keltirib chiqardi

“O‘zkomnazorat” qonunda belgilangan talabni bajardi, shunga qaramasdan, regulyator rahbari ishdan bo‘shatildi, qonunbuzarlar ro‘yxatidan esa barcha ijtimoiy tarmoqlar ham chiqarib tashlangani yo‘q. Misol uchun, “VKontakte”, Twitter, WeChat, TikTok va Skype hanuz qora ro‘yxatda. “Kelishilmagan harakatlar” ortidan ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi va javobsiz qolayotgan savollar haqida mutaxassislar fikri.